Bugungi dunyoda ota-onalar va o‘qituvchilarning ijtimoiy tarmoqlar haqidagi xavotirlari tabiiy. Bolalar onlayn olamda muloqot, ijodkorlik va shunchaki zavq olish imkoniyatiga ega. Shunga qaramay, bolalar huquqi himoyachilariga ko‘ra, ular xavf-xatarlarga juda tez-tez uchraydi.
“ Tarmoqlarda bolalar duch keladigan xavflarning turi va soni juda ko‘p. Masalan, bolalarni qo‘rqitish, jinsiy ekspluatatsiya, tanasini va tashqi ko‘rinishini haqorat qilish, o‘ziga zarar yetkazish kabi holatlar. Bundan tashqari, tugamas yangiliklar lentasi, sun’iy intellekt chat-botlariga bog‘lanib qolgan nosog‘lom munosabatlar va telefonini qo‘ya olmaydigan o‘smirlar ham ota-ona uchun ancha jiddiy muammo.
So‘nggi yillarda yoshlar ruhiy salomatligiga oid bunday tashvishlar kuchaygani sari, hukumat va ta’lim tizimi onlayn xavflarni kamaytirish yo‘llarini izlamoqda. Ko‘plab maktablarda telefondan foydalanish taqiqlandi. Instagram, TikTok va Snap kabi tarmoqlar o‘smirlar uchun yangi himoya mexanizmlarini joriy qildi. Endi esa Avstraliya o‘smirlar uchun keng qamrovli ijtimoiy tarmoqlarga taqiq joriy etish arafasida turibdi.
Bu taqiqlar haqiqatan ham yordam beradimi? The New York Times texnologiya bo‘limi muxbiri Natasha Singer bu mavzuni tahlil qildi.
Nimalar bo‘lyapti?
Yoshlar muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda yomon tajribalarga duch kelayotganini xabar qilishadi.
2021 yilda sobiq Facebook kompaniyasida ishlagan xodimi Mark Tsukerberg hamda boshqa rahbarlarni kompaniya so‘rovnomasi natijalari bilan ogohlantirgan edi. So‘rovnomada qatnashgan 13–15 yoshli o‘smirlarning 20 foizdan ortig‘i o‘tgan hafta davomida Instagramʼda kamsitilganini bildirgan. So‘rovda qatnashgan ko‘plab o‘smirlar hatto «nojo‘ya yaqinlashuvlarga» ham duch kelganini aytgan.
Shundan so‘ng Instagram o‘smirlar uchun himoya choralarini kuchaytirdi. Masalan, o‘smirni kuzatmaydigan (follow qilmaydigan – tahr.) notanish kattalar unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yubora olmaydigan mexanizm joriy qilindi. O‘tgan yili esa platforma 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarga yuboriladigan shaxsiy xabarlardagi yalang‘och suratlarni avtomatik xira qilib ko‘rsatadigan yangi himoya tizimini ishga tushirdi.







