“Yopiq eshiklar” sindromi
Sociology.uz markazi 2024 yilda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 13–18 yoshli qizlarning 64 foizi “ota-onam meni faqat tanqid qiladi, lekin eshitmaydi” deb javob bergan. Bu degani — ko‘pincha o‘smir qizlar hissiyotlarini bildirishdan qo‘rqadi yoki “mening fikrim muhim emas” degan qat’iy fikrda qotib qolgan bo‘ladi.
Tadqiqot uchun o‘tkazilgan so‘rovnomada esa 68 foiz onalar “qizlar tarbiyasida masofa saqlash kerak” degan fikrni bildirishgan. Ishtirokchi sifatida qatnashgan o‘smir qizlarning 74 foizi onalari bilan suhbatlashishga qo‘rqishini aytgan. Qizlarning bunday “yopilishi” esa yomon oqibatlarga olib keladi. Ayrim holatlarda ularning tarbiyasiga qattiq ta’sir qilish ehtimoli bor.
UNICEF Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir qizlardagi yopiqlik ko‘p hollarda stress va ichki zo‘riqishni kuchaytiradi. Bu esa keyinchalik depressiya, o‘z-o‘zini past baholash va ijtimoiy faollikdan chetlashishga olib kelishi mumkin.
“Farzandim gaplashmaydi” — bu sizda xavotir uyg‘otsin
Psixolog Liza Damur o‘zining “Untangled” kitobida shunday yozadi:
“Qizingiz bilan munosabatda sukut — bu sizdan uzoqlashish emas, balki uning mustaqil fikr topish jarayonidir. Ota-ona uchun eng muhim vazifa — eshitish va gapirish o‘rtasidagi muvozanatni topish”.
Ko‘p ota-onalar qizining “hammasini ichga yutishi”ni o‘tkinchi holat deb qabul qiladi. Aslida esa bu — uning hissiyotlarini ifoda etishdagi qiyinchilik. Ayniqsa, tanqid yoki solishtirishdan keyin qizda “mening fikrim baribir qabul qilinmaydi” degan ichki blok paydo bo‘ladi.
Qanday yordam berish mumkin?
- Uning gaplarini, harakatlarini tinglang - baholamang. Gapirayotganida “haqlisanmi, yo‘qmi” degan fikrdan voz keching. Faqat eshiting. “Seni tushundim” degan so‘z qiz uchun juda katta ahamiyatga ega. Qolgan fikrlaringizni esa u bilan alohida suhbatda singdirish mumkin.
- O‘smir qiz o‘sha paytda sizga ayni mavzuda javob bermasligi mumkin — bu qarshilik emas, balki hali tayyor emaslik belgisi. Shunda biroz tanaffus qiling. Keyinroq, tinch vaziyatda suhbatni qayta ochish mumkin.
- U bilan faqat muammolar haqida emas, hayotidagi qiziqishlari haqida ham gaplashing. Bu uni “nazorat qilinadigan shaxs” emas, balki “eshitiladigan inson” sifatida his qildirishga yordam beradi va unda sizga nisbatan ishonchni oshiradi.














