Jahon | 12:37 / 07.03.2017
4715
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya KXDRni o‘z fuqarolarini garovda ushlab turishda aybladi

Foto: Reuters

Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq Shimoliy Koreya hukumatidan o‘z mamlakati fuqarolarini darhol ozod etishni talab qilgani haqida xabar bergandik.

«Bu razil aktdir. Unga ko‘ra, bizning fuqarolar asirlikda saqlanmoqda, barcha xalqaro huquq va diplomatik normalarga umuman amal qilinmayapti», - dedi Razzoq. Uning qo‘shimcha qilishicha, Malayziya xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirgan.

Bundan tashqari, bosh vazir politsiyaga KXDR fuqarolarini Malayziyadan chiqarmaslik haqida ko‘rsatma bergan.

Avvalroq Malayziya hukumati Shimoliy Koreyaning Kuala-Lumpurdagi elchixonasini o‘rab olgandi. «Biz bu yerda bo‘lgan diplomatik missiyaning barcha xodimlari shaxsini aniqlashga harakat qilmoqdamiz», - deya aniqlik kiritib o‘tgan mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Nur Jazlon Muhammad. 

7 mart kuni Shimoliy Koreya hukumati Malayziya elchixonasi xodimlarining mamlakatdan chiqishiga taqiq qo‘ygani haqida xabar qilingandi. Aniqlashtirilishicha, taqiq «KXDR fuqarosining Malayziyada halok bo‘lishi ishi yuzasidan adolatli qaror qabul qilinmagunga qadar» amal qiladi.

4 mart kuni esa Malayziya hukumati KXDRning Kuala-Lumpurdagi elchisi Kan Chxolni non grata shaxsi, deb e'lon qildi va undan 48 soat davomida mamlakatdan chiqib ketishni talab etdi.

13 fevral kuni Kuala-Lumpur aeroportida ikki ayolning hujumidan so‘ng erkak hayotdan ko‘z yumdi. Malayziya hukumati halok bo‘lgan shaxs KXDR yetakchisi Kim Chen Inning akasi Kim Chen Nam ekanini tasdiqladi. Kim Chen Namning yuzidan ekspertlar VX asab-falajlovchi zaharli modda izlarini topishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid