Sport | 15:11 / 08.03.2017
10593
5 daqiqa o‘qiladi

Chorak final uchun jang. Haqiqiy intriga saqlanib qolgan uchrashuv haqida

Tribuna.Uz 1/8 final doirasidagi javob uchrashuvlari anonsini taqdim etishda davom etadi. Navbat hozircha hech narsa aniq bo‘lmay turgan qarama-qarshilikka.

BORUSSIYa D – BeNFIKA (9 martga o‘tar kechasi, 00:45, Match! Futbol 1)
«Borussiya» va «Benfika» o‘rtasidagi uchrashuv boshida ko‘p e'tibor talab qilmayotgandi. «PSJ» va «Barselona» uchrashuvida ko‘p masalaga oydinlik kiritilgach, bu uchrashuvga bo‘lgan qiziqish ortdi. Hozircha chorak final uchun haqiqiy kurash aynan shu uchrashuvda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. «Benfika» o‘tgan yili ham o‘z uyida gol o‘tkazmagani evaziga chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Bu safar ham portugaliyaliklar jamoasida kichik bo‘lsada, shu ustunlik saqlanib qolmoqda.

O‘yindan oldin

Borussiya Dortmund
«Borussiya» «Benfika»ga qarshi dastlabki uchrashuvdan keyin ancha o‘zgardi. Bu ayniqsa jamoaning natijalari va kiritayotgan gollarida ko‘zga tashlanmoqda. Germaniya chempionatining 2 turida jamoa «Volfsburg», «Frayburg» darvozasiga gollarni yog‘dirgan bo‘lsa, bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan «Bayyer»ga qarshi uchrashuvda Tuxel shogirdlari oltita gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Benfika
«Benfika» ham yaxshi sport formasiga kirib olgan. «Borussiya» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin jamoa Portugaliya chempionati va kubok uchrashuvlarida faqatgina g‘alaba qozondi. Chempionatda jamoa «Braga», «Shavish» va «Feyrense»dan ustun kelgan bo‘lsa, kubok uchrashuvida jamoa «Eshtoril»ni taslim etdi. Fevraldan boshlab «Benfika» yetti uchrashuvda ketma-ket g‘alaba qozondi va faqat ikki uchrashuvda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. 

Yo‘qotishlar
Dortmundliklar jamoasi tarkibida Marko Roys va Mario Gyottsening maydonga tusha olmasligi aniq bo‘lib ulgurgan. Shuningdek, Lars Bender ham uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Rafael Gerreyroning kichik jarohati o‘yinga tushishini so‘roq ostida qoldirgan bo‘lishiga qaramay, UYeFA rasmiy sayti uni asosiy tarkibda tushishiga ishonmoqda.

Mehmonlar tarkibida esa  Feysa va Filipe Augusto jarohat olgan va bu uchrashuvda «Benfika»ga yordam bera olishmaydi. Asosiy tarkibda Samaris maydonga tushishi kutilmoqda.

Taxminiy tarkiblar:

Borussiya D: 38. Byurki, 5. Bartra, 25. Papastatopulos, 26. Pishchek, 29. Shmeltser, 33. Vaygl, 37. Durm, 13. Gerreyro, 7. Dembele, 21. Shyurrle, 17. Obameyang.
Benfika: 1. Ederson Morayesh, 4. Luizao, 14. Lindelyof, 34. Almeyda, 19. Elizeu, 7. Samaris, 21. Pitstsi, 18. Salvio, 17. Jivkovich, 11. Mitro‘g‘lu, 10. Jonas.

O‘yindan oldingi fikrlar

Tomas Tuxel («Borussiya» bosh murabbiyi)
«Agar men «Chelsi», «Yuventus» yoki «Atletiko» murabbiyi bo‘lganimda boshqacharoq gapirgan bo‘lardim. Ammo ertaga liq to‘la stadion bizni qo‘llab-quvvatlab turganda biz faqat va faqat hujum qilamiz. Biz birinchi o‘yinda gol kiritishimiz shart edi. Endi bu ishni uyda amalga oshirishga harakat qilib ko‘ramiz. O‘zimizni keyingi bosqichga chiqish uchun tayyor his qilmoqdamiz. Buning vaqti keldi. Jamoada g‘alaba ruhi yuqori. Futbolchilar juda ko‘p gollar kiritishga qodir ekanini yaxshi bilishadi».

Rui Vitoriya («Benfika» bosh murabbiyi)
«Hozir jamoamiz bir-birini oldingiga nisbatan yaxshiroq tushunib o‘ynamoqda. Bu o‘yin taktikasiga ham ta'sir o‘tkazmoqda va shuning uchun ham birinchi uchrashuvda kerakli g‘alabani qo‘lga kiritdik. Ammo birinchi uchrashuvda yanada yaxshiroq to‘p surishimiz mumkin edi. «Borussiya» – oddiy raqib emas. Bizda juda ko‘p vaziyatlar yaratib foydalana olmagan uchrashuvlarimiz ham bo‘lgan. Bunaqasi bo‘lib turadi. Yutishni har doim istaysan, lekin hammasi aytganingdek bo‘lib chiqmaydi. Oldimizda himoyada amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan juda muhim vazifalar turibdi. Buni amalga oshirishga harakat qilamiz. Bu yerda atmosfera juda ajoyib. Nimasi bilandir bizning stadionga o‘xshab ketadi. Bu esa biz uchun yoqimli».

Mavzuga oid