Jiru «Los-Anjyeles»ni qutqarolmadi

D guruhi
«Chelsi» – «Los-Anjyeles» 2:0
Gollar: Pedru Netu 34, Fernandes 79
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Kolvill, Kukurelya, Jyeyms (Gyusto 46), Kaysedo (Essugu 84), Lavia (Fernandes 46), Palmer (Nkunku 84), Madueke (Delap 64), Pedru Netu, Jyekson (Jorj 64).
«Los-Anjyeles»: Lioris, Segura, Long, Hollingshed, Palensiya, Igor Jyezus (Amayya 81), Delgado (Marlon 87), Tillmann (Yyeboa 87), Buanga, Ordaz (Martines 38), Ebobiss (Jiru 46).
Ogohlantirishlar: Jyeyms 36, Adarabioyo 45, Kukurelya 75 – Martines 58, Palensiya 90.

«Chelsi» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi niyatlari jiddiy ekani mavsum startidayoq ma’lum bo‘lgandi — o‘shanda Konferensiyalar ligasi uchun qaydnomaga Palmer kiritilmagandi. Angliya nashrlari London klubi bu bilan asosiy yulduziga katta yuklama tushirmaslikni va bu orqali u AQShdagi turnir startiga yaxshi formada yetib borishini maqsad qilgani haqida yozgandi.

E’tiborli jihati, «Chelsi» o‘zining turnirdagi ilk raqibini faqat 1 iyun kuniga kelib bildi. Avvaliga bu «Leon» bo‘lishi kerak edi, ammo FIFA Meksika jamoasini turnirdan chetlatdi, chunki ushbu klub va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining boshqa bir ishtirokchisi «Pachuka»ning egasi bir shaxs ekani oydinlashdi. Bo‘sh qolgan o‘rin uchun «Amerika» va «Los-Anjyeles» o‘rtasida o‘tish o‘yini bo‘lib o‘tdi, ulardan biri KONKAKAFning reytingi eng yuqori klubi, ikkinchisi 2023 yilgi mintaqaviy YeChL finalida «Leon»ga yutqazgan jamoa sifatida yo‘llanma uchun kurashdi.

Mexikodan bo‘lgan «Amerika» klubi bir hafta ichida ikkita kuchli zarbani qabul qilib oldi, avvaliga Meksika kubogi finalida «Toluka»ga yutqazdi, keyin esa Los-Anjyelesdagi dramatik bahsda o‘yinning asosiy vaqti tugayotganida minimal hisobdagi ustunlik boy berildi. Ikkinchi qo‘shimcha bo‘lim so‘nggida esa amerikaliklar o‘zining eng yaxshi to‘purari Buanga va unga assistentlik qilgan Jiruning harakatlari evaziga g‘alabani ilib ketdi. Fransuz faxriysi MLSning ko‘p o‘yinlarida bo‘lgani kabi zaxiradan tushirilgandi.

«Chelsi» bilan YeChL, Yevropa ligasi va Angliya kubogida g‘olib bo‘lgan Jiru sobiq jamoasiga qarshi o‘yinda ham ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Birinchi bo‘limda esa Pedru Netu «Los-Anjyeles» safidagi boshqa bir fransuz futbolchisi Lioris qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etishga ulgurgandi.