«Benfika» – «Real» 4:2
Gollar: Mbappe, 30 (0:1). Shelderup, 36 (1:1). Pavlidis, 45+5 – penalti (2:1). Shelderup, 54 (3:1). Mbappe, 58 (3:2). Trubin, 90+8 (4:2)
«Benfika»: Trubin, Otamendi, Arauju, Dal, Dedich, Eursnes, Barreyru, Sudakov (Barrenechea, 83), Shelderup (Silva, 90+3), Prestianni (Regu, 87), Pavlidis (Ivanovich, 90+3)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Hausen (Alaba, 79), Karreras (Dias, 79), Valverde, Tshuameni (Kamavinga, 55), Bellingem, Arda Guler (Sestero, 79), Vinisius Junior, Mastantuono (Rodrigu, 55), Mbappe
Ogohlantirishlar: Barreyru, 11. Dal, 85 – Tshuameni, 3. Raul Asensio, 45. Hausen, 62. Karreras, 67. Rodrigu, 90
Chetlatishlar: Raul Asensio, 90 (ikkinchi sariq). Rodrigu, 90 (ikkinchi sariq)

«Real»ga «Da Luj»da oson bo‘lmasligi oldindan ma’lum edi. «Benfika» o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun borini berishga tayyor bo‘lib chiqqandi va o‘yin debyutidayoq Kurtua o‘z mahoratini ishga solishiga to‘g‘ri keldi, Prestiannining kuchli zarbasidan keyin to‘p darvozabonning reaksiyasi tufayli to‘singa bordi. Lissabonliklarni Mbappening guruh bosqichidagi 12-goli ham to‘xtata olmadi. Ko‘p o‘tmay mezbonlarning qarshi hujumi gol bilan yakunlandi, Pavlidisning ideal uzatmasidan keyin Shelderup muvozanatni tikladi.

Shundan keyin Madridda muammo ketidan muammo paydo bo‘la boshladi. Avvaliga Leandru Barreyru bir metr masofada turgan holda to‘pni burchakka yo‘llay olmay mehmonlarni kechirgandi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Pavlidis penaltini aniq ijro etdi - 2:1.

Ikkinchi bo‘lim boshida Asensioning xatosidan keyin Shelderup dublni nishonladi. Bir necha daqiqa o‘tib Mbappe ham Arda Gulerning uzatmasidan keyin ikkinchi golini urdi va o‘yinga intriga qaytardi.

O‘yinning oxirgi qismida esa tarixga kiradigan voqealar bo‘lib o‘tdi. Avvaliga «Benfika» futbolchilari g‘alabali hisobni saqlab qolish uchun vaqt cho‘zishga kirishdi. Ammo murabbiylar shtabi kutilmaganda bu hisob yetarli emasligini anglab qolishdi va shundan keyin mezbonlar shoshilgancha oldinga o‘ta boshlashdi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Rodrigo va Asensio qizil kartochka olib maydonni tark etdi. 90+8-daqiqada mezbonlar standart vaziyat ijro etish huquqini qo‘lga kiritdi, Joze Mourinio esa darvozabon Trubinga ham oldinga borishni buyurdi.