Jahon | 14:59 / 08.03.2017
9076
2 daqiqa o‘qiladi

Minglab odamlar qurolli to‘qnashuvlar tufayli Myanmadan Xitoyga qochib o‘tdi

Foto: Reuters

Minglab insonlar Myanmadan Xitoyga, qochib o‘tishdi. Bu holat ikki davlat o‘rtasidagi chegara yaqinida vaziyat keskinlashgani tufayli ro‘y berdi. U yerda etnik isyonchilarning Myanma xavfsizlik kuchlari bilan doimiy ravishda qurolli to‘qnashuvi kuzatiladi, deb xabar bermoqda Reyter xitoylik amaldorlarga asosan.

Myanmada hukumat qo‘shinlari va qurollangan etnik guruhlar o‘rtasida ixtilof davom etmoqda - ular Myanmadan ajralish yoki muxtoriyatni talab qilishmoqda. So‘nggi vaqtlarda Xitoy bilan chegara yaqinidagi vaziyat keskinlashdi. 6 mart kuni isyonchilar chegaraga yaqin Shan shtatida xavfsizlik kuchlari xodimlariga hujum qilishdi. Buning oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi.

"Xitoy bilan chegarani minglab kishilar kesib o‘tdi", - degan Xitoy hukumatidagi manba.

Xitoyning chegara yaqinidagi Nan San shahri mehmonxonalaridan birining xodimi so‘zlariga ko‘ra, ko‘chalarda odamlar juda ko‘p. Qochqinlarning bir qismi chamadonlar bilan kelgan bo‘lsa, boshqalar yengil kiyim-kechaklar bilan kelishgan, xolos.

Qizil xoch vakilining ma'lum qilishicha, seshanba kuni 200 kishi qochqinlar lageriga o‘tkazilgan. Myanma tomonidan chegaradan o‘tishni yana 300 nafar inson kutib turibdi.

Myanmaning Shan shtatidagi Kokang muxtor viloyatida asosan etnik xitoyliklar yashaydi. Mahalliy ayirmachilarning qurollangan tuzilmalari Myanmadan ajralib chiqish yoki muxtoriyatni talab qilmoqda. Kokangda hukumat bilan qurolli ixtilof esa 2014 yilning oxirlarida avj oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid