8 mart kuni Isroil parlamenti diniy muassasalarda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanishni cheklashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini dastlabki o‘qishda qabul qildi. Qonun birinchi navbatda masjidlarga tegishli bo‘lgani uchun u «muazzinlar haqidagi qonun» nomini oldi.

Qonun loyihasi qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Loyiha mualliflarining ta'kidlashicha, taklif etilayotgan choralar musulmonlarning an'analari bilan bog‘liq emas hamda Isroil yahudiylari va arablari o‘rtasidagi shundoq ham murakkab bo‘lgan munosabatlarga ta'sir ko‘rsatmaydi. Ularning aytishiga qaraganda, gap faqatgina masjidlardagi ovoz kuchaytirgichlarning shovqin darajasini nazorat qilish haqida bormoqda. 

O‘z navbatida qonun loyihasiga qarshi chiqqanlar taklif etilayotgan choralar musulmonlarning ko‘p asrlik an'analariga qo‘pol ravishda aralashish ekani, namozga baland ovozda chorlov allaqachon Yaqin Sharq musulmon madaniyatining ajralmas qismiga aylanganini ta'kidlashgan. 

Bugungi kunda Isroilda 2 millionga yaqin arablar istiqomat qiladi, bu aholining beshdan bir qismidir. Arablarning taxminan 80 foizi musulmondir, qolganlari nasroniy va druzlar. Mamlakatda 450dan ziyod masjid faoliyat ko‘rsatmoqda.

Isroildagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlardan chiqadigan shovqinni nazorat qilish haqidagi qoidalar 1961 yilda qabul qilingan. Bu qoidalarni o‘zgartirishga urinishlar doimo knessetning (Isroil parlamenti - tahr.) arab deputatlari noroziligiga uchrab kelgan.

Aslida shovqin darajasini Atrof muhit vazirligi nazorat qilishi kerak. Biroq masjidlarga baland ovozdagi azon uchun jarima solish holatlari barmoq bilan sanarli.

Qonun loyihasi mualliflaridan biri «Yahudiy uyi» partiyasidan deputat va Isroil armiyasining zaxiradagi polkovnigi Moti Yogevadir. Uning aytishicha, arablar va yahudiylar aralash yashaydigan shaharlar – Xayfa, Loda, Ramla, Yaffoda sahar paytida masjiddan taraladigan baland chorlov nafaqat musulmonlarni, balki yahudiylarni ham uyg‘otadi. Bu shaharlarda arablar umumiy aholining 40 foizga yaqinini tashkil qiladi.

«Bu qonun oddiy fuqarolarning dam olish huquqini himoya qiladi. Hech kim ibodat qilmoqchi bo‘lgan odamning huquqini savol ostiga qo‘ymayapti. Xoh yahudiy, xoh musulmon bo‘lsin, bu masalada biz hamfikrmiz – Yaratgan buyukdir va buni hammamiz bilamiz», – degan u knessetdagi nutqida. 

Biroq qonun loyihasiga qarshi chiqqanlar uning fikrini ma'qullamadi. Deputat Ahmad Tibi taklif etilayotgan choralarni musulmon urf-odatlariga qo‘pol ravishda aralashish deb atadi.