Jamiyat | 10:49 / 09.03.2017
20133
4 daqiqa o‘qiladi

Otalik burchi unutilmasin...

Farzand inson uchun eng bebaho ne'matlardan biridir. Barcha bolasevar millatlar kabi biz, o‘zbeklar ham butun umrini farzandlariga, ularning kelajagiga baxshida qiladigan bolajon xalqlardanmiz. Shu bois ham O‘zbekistonda oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasiga ahamiyat berish va bu yo‘lda qayg‘urishga asosiy vazifa sifatida yondashiladi. Bu esa o‘z navbatida har bir oilaning farzand oldidagi burchini yanada teranroq anglashini, oilada tarbiya uchun zarur bo‘lgan muhit – ahillik va yakdillikni talab qiladi.

Afsuski, oiladagi bir butunlik hamisha ham saqlab qolinavermaydi. Bu er va xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab yuz berishi hammaga ma'lum. Bular natijasidan qanchadan-qancha norasida go‘daklarning “tirik yetim” bo‘lib qolishlari, shu bilan birga, farzandning moddiy ta'minoti uchun ikkinchi tarafdan aliment puli undirish kabi masalalar bilan sudga murojaat qilish holatlarining ko‘payishi achinarli.

“Huquq” gazetasining xabar berishicha, toshkentlik Asilbek Toshev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham xuddi yuqorida aytib o‘tilgandek, oilaviy kelishmovchilik sabab ayoli Gulzor Tosheva bilan qonuniy nikohlarini bekor qildi. G.Tosheva ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment puli undirish to‘g‘risida sudga murojaat qiladi. Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining 2012 yil 8 oktabrdagi qaroriga ko‘ra A.Toshevdan ish haqi va boshqa daromadlarining belgilangan qismidan aliment undirish belgilanadi. Biroq, G.Toshevaning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, sobiq turmush o‘rtog‘i aliment pulini pochta orqali o‘zi xohlagan summada to‘lab kelgan. Haqiqatdan ham, sud ijrochilarining aliment qarzdorligini hisoblash haqidagi 2016 yilning 11 noyabrdagi qaroriga asosan, A.Toshevning 2016 yil 1 avgust kuni holatida alimentdan bo‘lgan qarzi jami 8 mln. 979 ming so‘mdan oshiqroqni tashkil etgan.

A.Toshev sudda o‘zining aybiga to‘liq iqror bo‘lib, sudning hal qiluv qaroriga asosan moddiy yordamga muhtoj, deb topilgan ikki nafar farzandining moddiy ta'minotidan qasddan bo‘yin tovlaganligi hamda qilgan ishidan pushaymonligini bildiradi. Bularni inobatga olib, Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi A.Toshevni JKning 122-moddasi 1-qismi bilan 5 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilib, yetkazilgan moddiy zarar G.Tosheva foydasiga undirilishini belgiladi.

1977 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘rta-maxsus ma'lumotli, vaqtincha ishsiz bo‘lgan Ashraf Mo‘minov ham 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgani holda oilasi bilan ajrashadi. Ushbu ish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq sudining 2015 yil 16 oktabrdagi ijro hujjatiga asosan ayoli Sarvinoz Karamatova foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining ta'minoti uchun aliment to‘lashi lozimligi belgilangan. Biroq, A.Mo‘minov yuqoridagi holat kabi sud tomonidan belgilangan aliment pulini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Natijada aliment puli miqdori 2015 yil sentabr oyidan 2016 yilning 15 dekabriga qadar 1 mln. 958 ming so‘mdan ko‘proqni tashkil etgan.

A.Mo‘minov hamda S.Karamatovalarning ko‘rilgan ishi ijobiy natija bilan yakun topgani quvonarli. Ularning har ikkisi ham yarashuv to‘g‘risidagi arizalarini to‘liq quvvatlab, hozirda yarashib olishgani, yetkazilgan moddiy va ma'naviy zarar to‘liq qoplangani hamda o‘zaro da'volari qolmagani sababli suddan ushbu jinoyat ishini tugatishni so‘rashdi.

Shularni inobatga olib, A.Mo‘minovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ikki tomonning yarashganligi munosabati bilan tugatildi. 

Mavzuga oid