Jamiyat | 20:47 / 09.03.2017
87484
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 31 maktab va 5 kollej o‘quvchilari “Siniy kit” o‘yini ishtirokchilari

Bugungi kunda yoshlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik, eng achinarlisi, ularning Internet ijtimoiy tarmoqlarida ommalashib borayotgan “Siniy kit” va boshqa shu kabi o‘z joniga qasd qilish darajasigacha olib boruvchi o‘yinlarga kirib ketayotganligi barchani tashvishga solmoqda.

Toshkent shahar ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilayotgan “Davomat” tadbirlari davomida har bir o‘quvchi-yoshlarning uyali telefon apparati tekshirilganda, 31ta maktab va 5ta kollej o‘quvchilari “SINIY KIT” o‘yini ishtirokchilariga aylanganligi aniqlandi. Toshkent shahar IIBBda o‘tkazilgan matbuot brifingida IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev shu haqda ma'lum qildi.

Bu kabi o‘yinlarga ilakishib qolgan o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, ularga malakali psixologlar biriktirilib, kuzatuv ostiga olindi. Hozirgi kunda barcha voyaga yetmaganlar o‘rtasida bunday salbiy holatlarning oldini olish borasida barcha ta'lim muassasalarida sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Bunday salbiy holatlarni oldini olish maqsadida ta'lim muassasalaridagi davomadlar, o‘quvchi va talabalar tomonidan dars jarayonlarini o‘zlashtirib borish holatini o‘rganish maqsadida, poytaxt hududidagi 322ta maktablardan 26tasida, 78ta kollej va 41ta litseylardan 18tasida “Davomat” tadbirlari o‘tkazildi.

Xususan, 9 mart kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanida bo‘lib o‘tgan profilaktika tadbirlarida Kun.uz sayti muxbiri ham bevosita ishtirok etdi. Jumladan, Yashnobod tumani “Mehmonxona xo‘jaligi” kollejida o‘tkazilgan “Davomat” tadbiri guvohi bo‘ldi.

Ammo, ta'lim muassasalarining o‘quvchi yoshlari, ularning ota-onalari o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish va profilaktika tadbirlariga qaramasdan 217 nafar maktab, 306 nafar kollej, 27 nafar litsey o‘quvchilari turli sabablarga ko‘ra dars mashg‘ulotlarida qatnashmayotganligi aniqlandi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida, 69 ta ta'lim muassasalarida o‘qituvchi va murabbiylar, ota-onalar ishtirokida sayyor muhokamalar o‘tkazildi, 27 nafar ota-onalarga nisbatan ma'muriy ta'sir choralari ko‘rildi. 

Mavzuga oid