Jamiyat | 20:59 / 11.03.2017
14364
4 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya texnogen fojialarga qarshi: «Fukusima-1» AESi avariyasining oqibatlari

Oltinchi yildirki, Yaponiya fuqarolari va olimlari Fukusimadagi AESda ro‘y bergan yadroviy falokat oqibatlariga qarshi kurashib kelmoqda. 

2011 yil 11 marti Yaponiya tarixida Xirosima va Nagasaki fojialari qatoridan joy oldi. O‘sha kuni «Fukusima» AESida texnogen baxtsiz hodisa ro‘y bergan edi. Buning oqibatida 180 ming kishi uy-joylaridan ayrildi, 220 mlrd dollar iqtisodiy talofat ko‘rildi va ekologiyaga jiddiy zarar yetdi. Yaponiya uchun bu xalq irodasi va texnologik qudratiga og‘ir sinov bo‘ldi. 

6 yil muqaddam, mahalliy vaqt bilan soat 14:46da Yaponiya shimolida mamlakat tarixidagi eng kuchli zilzila ro‘y berdi. 9 ballik yer silkinishini zilzila markazidan 370 km uzoqlikda joylashgan Tokioda ham juda yaxshi sezishdi. 

Poytaxt aholisi oyoqda zo‘rg‘a turishgani va binolarning devorlarida chuqur yoriqlar paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lishganini so‘zlab berishdi. Hukumatning zudlik bilan ko‘rgan choralari va televizor orqali ogohlantirishlar hamda yaponlarning bu kabi hodisalarga puxta tayyorgarlik ko‘rganliklari tufayli yirik qurbonlar berishning oldi olindi. 

Biroq, zilzila Yaponiyadagi yirik fojianing debochasi edi. Keyinroq, aniqlanishicha, seysmik faollik Yaponiyaning shimoliy hududlarini Shimoliy Amerika tomon 2,4 metrga surgan. Bunday keskin geografik o‘zgarish mamlakatga yopirilgan dahshatli sunamini keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin. Yaponiyaning ayrim sohilbo‘yi hududlarida okean suvlari balandligi 40 metrgacha yetdi. 

Tsunamining asosiy zarbasi mamlakatning sharqiy sohillaridagi 4ta prefekturaga to‘g‘ri keldi. Ular orasida Fukusima ham bor edi. Bu yerda to‘lqinlar to‘g‘onni buzib, shaharni suv ostida qoldirdi. Turli shaharlarda 160 ming uy vayron bo‘ldi, 16 mingga yaqin inson hayotdan ko‘z yumdi, 2500dan ortiq inson hanuzgacha bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda. Aynan sunami, “ikkinchi Chernobil” deb atalgan “Fukusima-1” AESidagi texnogen hodisaga sabab bo‘ldi. 

Buning oqibatida 2011 yil 12 mart kuni AESning birinchi reaktorida portlash ro‘y bergan bo‘lsa, 14 martda ikkinchisi, 15 martda uchinchi reaktor portladi. 

Shundan so‘ng, stansiya atrofidagi radiatsiya darajasi inson sog‘lig‘i uchun o‘ta zararli miqdordan bir necha barobarga oshib ketdi va soatiga 750 mikrorentgenni, AES ichida soatiga 1050 birlikni tashkil etdi. 

2012 yil fevraliga kelib, Yaponiya hukumati va stansiya operatori TEPCO kompaniyasi milliardlab dollar zararni hisoblayotgan bir vaqtda, hudud haqiqiy ma'noda tashlandiq va kimsasiz joyga aylanib ulgurgan edi. Prefekturalardagi binolar vayron bo‘lgan, hayvonlar ham radioaktiv hududni tark etgan edi. Ammo, Yaponiya hamon ushbu falokat oqibatlariga qarshi kurashni davom ettirmoqda. 

Mavzuga oid