17:14 / 12.03.2017
8446

Buyuk Britaniya Yevroittifoqni qachon tark etishi ma'lum bo‘ldi

Foto: EPA

Britaniyaning Brexit masalalari bo‘yicha vaziri Devid Devis BBC efirida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini 2019 yilning mart oyida tark etishi haqida ma'lum qildi. 

"Bu voqea 2019 yilning martida ro‘y beradi", - dedi u boshlovchining "Buyuk Britaniya YeIni qachon tark etadi?" degan savoliga. 

"O‘tgan yilning iyun oyida Britaniya xalqi tomonidan referendumda YeIdan chiqishga doir qaror qabul qilindi va bu voqea ro‘y berishi kerak", - deya ta'kidladi Devis. U Britaniya parlamenti veto qo‘yish huquqiga ega emasligi va hukumat Brexit'ni imkon qadar tezroq amalga oshirishi kerakligini aytdi. 

Britaniya vaziri hukumatning muzokaralar olib borish davomida "kutilmagan holatlar bo‘yicha rejasi" yo‘q ekani haqidagi ta'kidlarni rad etdi. Shuningdek u parlamentni dushanba kuni Brexit haqidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. "Biz buni amalga oshirmoqchimiz. Iltimos, bu jarayonda bosh vazirning qo‘lini bog‘lab qo‘ymang", - qo‘shimcha qildi u. 

London va Bryussel o‘rtasidagi muzokaralar Britaniya parlamenti Birlashgan Qirollik bosh vaziri Tereza Meyga shunday vakolatni berganidan so‘nggina rasman boshlanishi kerak. Britaniya OAVning so‘nggi xabarlariga ko‘ra, Brexit jarayonini yo‘lga qo‘yishga doir qonun loyihasi dushanba kuni ikki palata tomonidan ham tasdiqlanish imkoniga ega. Shunday bo‘lgan taqdirda, 14-mart kuni bosh vazir Bryusselga YeIga doir Lissabon kelishuvining 50-moddasining qo‘llana boshlanishiga oid xabarni yo‘llagani to‘g‘risida e'lon qilishi mumkin. 

Buyuk Britaniyaning YeIga a'zolik masalasiga bag‘ishlangan referendum o‘tgan yilning 23-iyunida bo‘lib o‘tdi. Unda 51,9 foiz natija bilan yevrointegratsiyaga qarshi tomon g‘alaba qozondi. 

Mavzuga oid
Top