Jahon | 14:41 / 12.03.2017
8126
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyadan chiqarib yuborilgan turkiyalik vazir Istanbulga qaytib keldi

Niderlandiya hukumati mamlakatga yer usti transporti orqali Germaniyadan kelib, Rotterdamdagi Turkiya bosh konsulxonasiga kirmoqchi bo‘lgan Turkiyaning oila va ijtimoiy siyosat masalalari bo‘yicha vaziri Fatma Betul Sayan Kayani mamlakatdan chiqarib yuborgach Germaniyaga o‘tgan vazir, Kyolndan Istanbulga uchib, vataniga qaytib keldi.

Vazir Germaniyadagi bir qator marosimlarda ishtirok etgan Turkiya yoshlar va sport vaziri Akif Chag‘atoy Kilidjuning samolyotida qaytgan.

Fatma Betul Sayan Kayaga Kyolndagi Turkiya bosh konsuli Husayn Emre Engin hamrohlik qilgan.

11 mart kuni Niderlandiya hukumati xavfsizlik yuzasidan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li rahbarligidagi Turkiya delegatsiyasi samolyotiga qo‘nishga ruxsat bermagach, Fatma Betul Sayan Kaya Germaniyadan mashina orqali Niderlandiyaga yo‘l olgan edi. Chovusho‘g‘li va delegatsiyaning boshqa a'zolari Turkiyadagi konstitutsiya referendumiga bag‘ishlangan mitingda nutq so‘zlashni rejalashtirgandi.

Niderlandiya politsiyasi avvaliga turkiyalik vazirning qo‘riqchilarini qo‘lga oldi. Keyin esa uni politsiya hamrohligida Germaniya chegarasiga kuzatib qo‘yishdi.

Vazir dunyo hamjamiyatini Niderlandiya hukumati xatti-harakatlariga reaksiya ko‘rsatishga chaqirdi va ularni «fashistlarga xos» deb atadi hamda ayol vazirga nisbatan bunday munosabat nomaqbul ekanligini aytdi.

Bu orada Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuzlab tarafdorlari Rotterdamdagi Turkiya elchixonasi yaqinida aksiya o‘tkazdi. Namoyishchilarni tarqatish uchun mahalliy hukumat otliq politsiya va suv avtomatlarini qo‘lladi.

Turkiya TIV Niderlandiyaning Anqaradagi elchisidan mamlakatga qaytib kelmaslikni so‘radi. Elchi ayni vaqtda ta'tilda bo‘lib turibdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid