16:46 / 14.03.2017
11573

2017 yilda mahalliy korxonalar importni 23 foizga kamaytirishi kutilmoqda

Bugun, 14 mart kuni Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Sanoat kooperatsiyasi hamda maxalliylashtirish jarayonlarini rivojlantirish istiqbollari”ga bag‘ishlangan ommaviy axborot vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar hamda materialllar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish iqtisodiyotni yanada barqaror va izchil rivojlanishida, uning tashqi omillarga tobeligini kamaytirishda, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda qabul qilinayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2010-2016 yillarda 2000 ga yaqin mahalliylashtirish loyihalari amalga oshirildi va buning natijasida umumiy import o‘rnini bosish samaradorligi 7,5 mlrd. AQSh dollardan ko‘proqni tashkil etdi.

Import tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi uch yil ichida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga 100 dan ortiq guruh tovarlarning importi butunlay to‘xtatilgan (masalan, shaxta vagonetkalari, vakuum nasoslar, ko‘tarma kranlar, o‘tga va kislotaga chidamli materiallarning ayrim turlari, har xil turdagi qurilish jihozlari, sendvich panellar, sun'iy sintetik gazonlar, shisha bankalar, butilkalar, kraxmal, non mahsulotlari uchun achitqilar va boshqalar), shuningdek, 350 dan ortiq turdagi mahsulotni chetdan keltirish 2 barobardan ziyodga kamaygan (shu jumladan: televizorlar, sovutgich va muzlatgichlar, yoritish moslamalari, changyutgichlar, avtomobil filtr va radiatorlari, po‘lat quvurlar, keramik plitalar, sintetik tolalarning ayrim turlari, tibbiyot ampulalari, poligrafik bo‘yoqlar, bolalar o‘yinchoqlari, sport anjomlari va h.k.).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasidagi topshirig‘iga asosan, iqtisodiyotning tarmoqlari kesimida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga import hajmini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tarmoq korxonalarining imkoniyatlarini batafsil o‘rganish natijasida, 2017 yilda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni tashkil qilishga yo‘naltirish hisobiga importni 1,1 milliard dollardan ortiqroqqa yoki 23% ga kamaytirish imkoniyati aniqlandi.

Shu bilan birga, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bugungi kunda import qilinayotgan mahsulotlarni hududiy tasarrufdagi kichik korxonalarda ishlab chiqarishni tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.

Ma'lumot o‘rnida: Hozirgi vaqtda yillik ishlab chiqarish hajmi 900 milliard so‘mlik 400 dan ortiq qo‘shimcha loyihalar aniqlangan bo‘lib, ushbu loyihalarda mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga quyilgandan keyin mahalliylashtirish dasturiga qo‘shilishi va belgilangan imtiyozlardan foydalanishi mumkin.

Top