20:16 / 15.03.2017
9324

Hindistonda sigirlarni so‘yganlik uchun umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin

Hindistonning Gujarot shtati rahbariyati mamlakat parlamentiga sigirlarni so‘yish va mol go‘shtini tashish uchun jazoni qat'iylashtiruvchi qonun loyihasini taqdim qiladi. Qonun loyihasiga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklar uchun umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin, deb xabar bermoqda The Guardian nashri.

Hindistonning amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklar uchun 7 yillik qamoq jazosi berilishi va 50 ming rupiylik (615 dollar) jarima solinishi mumkin.

"Biz ushbu qonunni qat'iyroq qilmoqchimiz", deb aytgan "Bxaratiya Janata" partiyasi a'zosi, Gujarot shtati bosh vaziri Vijay Rupani.

Qonun loyihasida umrbod qamoq jazosidan tashqari, mol go‘shti tashilgan transport vositasini musodara qilish ham ko‘zda tutiladi.

Nashrning ta'kidlashicha, "Bxaratiya Janata" a'zolari rahbaribo‘lgan Hindistonning bir qator shtatlarida 2014 yildayoq bu qoidabuzarliklar uchun jazo qat'iylashtirilgan. Ushbu partiya yetakchisi Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hisoblanadi.

The Guardian ma'lumotlariga ko‘ra, Hindistonning 29 shtatidan faqatgina 8 shtatida mol go‘shti iste'mol qilishga ruxsat bor. Sigir induizm dinida muqaddas jonzot hisoblanganiga qaramasdan, mamlakat janubidagi hindlar va musulmonlar uni iste'mol qilishadi. 

Hindistonning aksariyat aholisi (80 foizdan ko‘prog‘i) induizmning turli oqimlariga e'tiqod qiladi. 1,3 mlrd kishidan iborat Hindiston aholisining 13,4 foizi musulmonlarni, 2,5 foizi nasroniylarni tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top