O‘zbekiston | 17:55 / 16.03.2017
19023
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroning Peshku tumaniga yangi hokim tayinlandi

2017 yil 16 mart kuni xalq deputatlari Peshku tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi O‘. Barnoyev so‘zga chiqdi, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati hokimligi sayti.

Ta'kidlandiki, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 10-11 mart kunlari viloyatdagi tashrifida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, odamlarga munosib turmush sharoitlarini yaratish, ular bilan yaqindan muloqot qilish va muammolarini hal etishga qaratilgan dolzarb vazifalar ilgari surilgan, Peshku tumanida bu boradagi ishlar talab darajasida emasligi tanqid qilingan edi. 

Viloyat hokimi hududda hal etilishi lozim bo‘lgan juda ko‘plab masalalar tahliliga e'tibor qaratdi.

Xususan, tuman rahbariyati tomonidan aholi dardi, tashvishini o‘rganish, ular muammolarini hal etishda sustkashliklar ko‘zga tashlanmoqda. 

Shuningdek, paxta, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat ekinlarini yetishtirishdagi past ko‘rsatkichlar, aholining kommunal to‘lovlardan qarzdorligi, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarining ta'mirtalabligi, ichki yo‘llarning yaroqsiz holatga kelib qolganligi ma'ruzada tanqidiy tahlil etildi.

Viloyat hokimi qayd etilgan mavjud muammolarni bartaraf etish hamda tumanni qoloqlikdan chiqarish borasida alohida kompleks dastur shakllantirish lozimligi xususida to‘xtalib, barcha viloyat rahbarlariga o‘z tizimlari bo‘yicha ushbu dasturga kiritiladigan loyihalar xususida aniq takliflar taqdim etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘z arizasiga binoan, tuman hokimi Sh. Mavlonov vazifasidan ozod qilindi. Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan Nazarov Amrillo Ibragimovich tuman hokimi etib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, «Kun.uz» xodimlari o‘tgan oy oxirida Buxoro viloyatiga safar qilib, viloyat hokimi bilan suhbatlashgan, o‘shanda aholi murojatlari hokimga yetkazilgan, murojaatlarda Peshku tumanidagi rahbar amaldorlardan jiddiy shikoyatlar ham bo‘lgandi.

Avvalroq Prezident tashrifi davomida Buxoroning Peshku tumanidagi amaldorlari ishdan olingani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid