Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston-BAA qo‘shma korxonasi xorijiy investitsiya kompaniyasi bilan anglashuv memorandumini imzoladi
Toshkent shahrida 17 mart kuni «SABOAM» mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shma korxonasi bilan BAAning «Sheikh Ahmed Bin Obaid Al Maktoum» xalqaro investitsiyaviy kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Nazira Dadaxonova, Birlashgan Arab Amirliklarining «Sheikh Ahmed Bin Obaid Al Maktoum» xalqaro investitsiyaviy kompaniyasining tijorat masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Majid Ibrohim Ali Naqi Al Zaruni va boshqalar O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlar qatori iqtisodiyot, savdo va sarmoya sohalarida ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladi.
«SABOAM» MChJ qo‘shma korxonasi 2015 yilning iyun oyida «Sheikh Ahmed Bin Obaid Al Maktoum» xalqaro investitsiyaviy kompaniyasi tashabbusi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga investitsiya kiritish va ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
Kompaniya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida ushbu tashkilotning sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, yengil sanoat, energetika, mashinasozlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha investitsiyaviy dasturlariga oid taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Majid Ibrohim Ali Naqi Al Zaruni O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sharoit yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochayotganini ta'kidladi. O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lgan bunday loyihalar mamlakatimiz iqtisodiy va sarmoyaviy barqarorligini yanada mustahkamlash barobarida, ikki davlat o‘rtasidagi faol va serqirra munosabatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nodira MANZUROVA,
O‘zA muxbiri
Mavzuga oid
18:00 / 19.06.2026
BAA 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqladi
14:10 / 17.06.2026
O‘zbekiston va BAA strategik sheriklik doirasida yangi loyihalarni amalga oshiradi
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026