17:05 / 18.03.2017
15471

Tojikiston O‘zbekistonga samimiy minnatdorchilik bildirdi

O‘zbekiston Respublikasining Dushanbe shahridagi elchixonasiga Tojikiston hukumati huzuridagi favqulodda vaziyatlar va fuqaro mudofaasi bo‘yicha qo‘mita raisi Rustam Nazarzodadan maktub keldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

FVFMQ rahbari O‘zbekistondan Tojikiston aholisiga eng qiyin damlarda yetib kelgan insonparvarlik yordami uchun mannatdorlik izhor qilgan. Shu yilning boshida kuchli qor yog‘ish natijasida 500dan ortiq qor ko‘chkilari ro‘y bergan, unda tojikistonliklarga talofat yetgan edi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2017 yil 7 mart kuni qisqa muddatda 60 tonna yukni tayyorlab, Tojikiston ahlining boshiga tushgan mushkul damlarda insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Avtokarvonlarda oziq-ovqatlar, dori-darmonlar, qurilish materiallari, ko‘mir, issiq kiyim va boshqa zaruriy mollar yetkazildi. 

Rustam Nazarzoda, shuningdek, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yozilgan minnatdorlik maktubini ham elchixonaga topshirgan. 

Top