«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirdi
17 mart kunidan e'tiboran «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirdi. Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 12 avgustida qabul qilinib, 24 avgustda Senat tasdig‘idan o‘tgan, 16 sentabr kuni esa o‘sha vaqtda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangandi. Qonun 17 sentabr kuni «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarida e'lon qilingan va olti oydan so‘ng kuchga kiradigan bo‘lgandi.
Qonun ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari va ular faoliyatining yo‘nalish va tamoyillarini belgilab beradi. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulklarini qo‘riqlash, konstitutsion tuzum, qonun ustuvorligi, shaxslar, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va boshqalar asosiy vazifalar sifatida keltirib o‘tilgan.
Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy tamoyillari qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.
Ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida Konstitutsiya, yangi qonun va boshqa qonunchilik aktlariga aniq rioya qilishi va talablarini bajarishi shart. Ichki ishlar xodimlarining o‘z faoliyatida qonunlarni bajarish va ularga rioya qilishdan har qanday chekinishi qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘idagi o‘zining qonunga xilof xatti-harakatlarini (harakatsizligini) oqlash uchun xizmat manfaatlari, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari, buyruqlari va farmoyishlarini yoki qonunga muvofiq bo‘lmagan boshqa biror-bir holatni ro‘kach qilishi mumkin emas. Ichki ishlar organlari xodimlariga kimnidir g‘ayriqonuniy harakatlarini sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, ko‘ndirish, undash taqiqlanadi.
Qonunga muvofiq, ichki ishlar organlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar himoya qilinishini ta'minlaydi.
Shuningdek, qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish man etiladi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan og‘riq, jismoniy yoki ma'naviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qo‘yishi shart hisoblanadi.
Mavzuga oid
09:59 / 13.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
15:01 / 05.11.2024
Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi
17:49 / 23.10.2024
Senat yangi tahrirdagi “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
18:34 / 04.10.2024