Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gretsiyadagi usmoniylar tarixiy masjidida yong‘in chiqdi (video)
22 mart, chorshanba kuni XV asrda Gretsiyaning shimoli-sharqidagi Didimotixo shahrida qurilgan usmoniylar masjidida katta yong‘in chiqdi. Bu haqida mahalliy amaldorlarning ma'lumotiga asoslanib, Daily Sabah nashri xabar berdi.
"Hozircha yong‘inning kelib chiqish sababi haqida aniq ma'lumot yo‘q", - deydi Turkiya bilan chegaradosh Frakiya viloyati bosh o‘t o‘chiruvchisi Natanayl Rigas.
Didimotixo meri Paraskevas Patsuridisning so‘zlariga ko‘ra, Boyazidlar masjidining yog‘ochdan ishlangan hashamatli tomi jiddiy talofot ko‘rdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, tom to‘liq vayron bo‘lgan.
Masjidda chiqqan yong‘inni o‘chirish uchun 50 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb qilindi.
Mahalliy politsiya xabariga ko‘ra, seshanba kuni masjidda olib borilayotgan payvandlash ishlari jarayonida kichik yong‘in chiqqan, lekin tezda o‘chirilgan, bugungi yong‘in ham shuning ta'siri bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Merning aytishicha, mahalliy vaqt bilan soat 01:00da masjidda yong‘in chiqqan paytda hech qanday ish bo‘lmagan.
Sulton Boyazid I tashabbusi bilan qurilgan va uning sharafiga nomlangan, ibodat uchun foydalanilmaydigan masjid Yevropa janubi-sharqidagi eng katta masjid hisoblanib, u noyob me'moriy va tarixiy ahamiyatga ega.
Gretsiyaning Frakiya mintaqasida 100 000 ga yaqin turkiyalik yashaydi.