Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buxoroda qamishzorga o‘t qo‘yilishi oqibatida 50 tup daraxt yonib ketdi
Buxoro viloyatining Jondor tumanida qamishzorga o‘t qo‘yilishi oqibatida 50 tup daraxt zarar ko‘rdi, shundan 38 tupi to‘liq nobud bo‘ldi. Ekologik zarar 202,7 mln so‘mga baholandi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyatining Jondor tumanida qamishzorga o‘t qo‘yilishi oqibatida 50 tup daraxt yondi. Hodisa oqibatida tabiatga 202,7 mln so‘mlik ekologik zarar yetkazilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Jondor tumanidagi «Charos» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi va unga tutash «B.S.B.» fermer xo‘jaligi hududida sodir bo‘lgan yong‘in o‘rganilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro S.B. hamda boshqa noma’lum shaxslar kollektor atrofidagi qamishzorga o‘t qo‘ygani aniqlangan. Buning oqibatida jami 50 tup daraxt zarar ko‘rgan. Shundan 38 tupi to‘liq nobud bo‘lgan, yana 12 tupi shikastlangan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, yong‘in natijasida 38 tup qimmatbaho turang‘il, 5 tup qimmatbaho jiyda hamda 7 tup kam qimmatli oq terak daraxtlariga zarar yetgan.
Ekologiya boshqarmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, hodisa oqibatida tabiatga 202 mln 704 ming so‘m miqdorida ekologik zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari Jondor tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Mavzuga oid
09:05
Tailand poytaxtida yong‘in: kamida 27 kishi halok bo‘ldi
17:19 / 12.07.2026
«O‘zbekiston» mehmonxonasida kichik yong‘in chiqdi
10:00 / 11.07.2026
Dalalarda yong‘inlar kosmosdan kuzatilmoqda
15:39 / 09.07.2026