10:26 / 23.03.2017
12103

2016 yilda Qozog‘istonga 307 million dollarlik mahsulot eksport qilindi

Qozog‘iston davlatidagi “Milliy sanoat ko‘rgazmasi”da “O‘zbekoziqovqatxolding” a'zolari bo‘lgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan 300dan ortiq yangi qayta ishlangan meva-sabzavot, qandolatchilik, go‘sht-sut mahsulotlari, turli ichimliklar taqdim etiladi.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, 2016 yilda Qozog‘istonga umumiy qiymati 307 mln dollardan ortiq 482,6 ming tonna hajmidagi mahsulotlar (sabzavotlar, mevalar, uzum, poliz mahsulotlari, donlar, quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari) eksport qilindi. Bu 2015 yil bilan taqqoslaganda 89,6 ming tonnaga (123 foiz) ko‘proq.

2017 yilda Qozog‘istonga 560 000 tonna yoki 410,0 mln AQSh dollarilik mahsulotni eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning yanvar-fevral oylarida yangi va quritilgan mahsulot eksporti 22 078 tonna yoki 15,968 mln dollar, oziq-ovqat mahsulotlari (sharbatlar, murabbolar, salqin ichimliklar, konserva mahsulotlari) eksporti 3,35 mln AQSh dollarini tashkil qildi. 

Bundan tashqari, “O‘zagroeksport” tomonidan Qozog‘istonda 3ta savdo uyi tashkil etilgan. Bugungi kunda savdo uylari bilan umumiy qiymati 40 mln dollardan ortiq meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 10ta shartnoma imzolandi.

Savdo uylari chakana-ulgurji savdo faoliyati, loyihalarni tashkil etish, mahsulot yetkazib berishni tashkil etish, bojxona shaffofligi va oziq-ovqat tovarlarini realizatsiya qilish, marketing siyosatini ishlab chiqish va olib borish, Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalaridagi savdo tarmoqlari hamda boshqa manfaatdor kompaniyalar bilan kelishuv hamda shartnomalarga erishish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Top