O‘zbekiston | 13:43 / 23.03.2017
4932
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlisda milliy OAVning rolini oshirish istiqbollariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida "Harakatlar strategiyasini amalga oshirish: ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solishga oid qonunchilikni takomillashtirish" mavzuida seminar tashkil etildi. Bu haqida O‘zAda xabar berildi. 

Quyi palataning Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan seminarda ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, axborot sohasi bo‘yicha olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar mustaqillik yillarida axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, o‘tgan davrda sohaga oid 10 dan ortiq qonun qabul kilinib, amaliyotga samarali tatbiq etib kelinayotganini alohida ta'kidladi.

Tadbirda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan "Jurnalistik faoliyatni himoya kilish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi hamda "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihalari muhokama etildi. 

Mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar haqida jamoatchilikni tezkor va ishonchli axborotlar bilan ta'minlash jarayonida milliy ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish istiqbollari xususida so‘z yuritildi.

"Ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi rolini oshirish, jurnalistik faoliyatni himoya kilish masalalari Harakatlar strategiyasining davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish jarayonidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolbo‘tayev. – Bugun muhokama etilgan qonun loyihalarining qabul qilinishi ommaviy axborot vositalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini belgilab beradi, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning jamoat nazoratini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sohaning erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda biz, deputatlar zimmasiga ham ulkan vazifalar yuklaydi". 

Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan mazkur hujjatlar loyihalarining jamiyatimiz hayotini yanada demokratlashtirish jarayonida, axborot sohasini isloh qilishda, so‘z va axborot erkinligini ta'minlashdagi o‘rni muhim ekanligi qayd etildi.

Mavzuga oid