O‘zbekiston | 21:41 / 23.03.2017
6771
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonada O‘zbekiston milliy sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Qozog‘iston poytaxti Ostonada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi doirasida O‘zbekiston milliy sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. 

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning 100 dan ko‘proq kompaniyasi o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taqdim qildilar.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar O‘zbekistonning savdo, iqtisodiyot sohalaridagi imkoniyatlari va salohiyatlari, biznesni yuritish uchun yaratilgan sharoitlar hamda kichik va xususiy biznes sub'yektlarining eksport salohiyatini oshirishga va eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar bilan tanishishdi. 

O‘zbekiston vakillari ko‘rgazma doirasida Qozog‘istonga 24 mln dollardan ko‘proq qiymatga to‘qimachilik, meva-sabzavot, oziq-ovqat, mebel va qurilish mahsulotlarining yetkazilishi bo‘yicha 20 ga yaqin eksport kelishuvlarini imzolashdi.  

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomondan "Kazakhexport" eksport sug‘urta kompaniyasi" AJ, "KAZNEX INVEST" eksport va investitsiyalar milliy agentligi" AJ, "Soyuzplodovoshch" xalqaro uyushmasi va Qozog‘iston savdo korxonalari assotsiatsiyasi kabi tashkilotlar bilan hamfikrlik haqidagi memorandumlar imzolandi.

Ushbu hujjatlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni O‘zbekiston mahsulotlarini Qozog‘iston bozoriga yetkazish, O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish va ularning ustav kapitalida ishtirok etish, loyihalarni moliyalashtirish, birgalikdagi biznes-anjumanlar, kooperatsion birja va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtirokni tashkillashtirish, ishonchli hamkorlarni izlash, marketing tadqiqotlari o‘tkazish yo‘li bilan yanada faollashtirish ko‘zda tutilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid