Jamiyat | 11:56 / 24.03.2017
4909
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda nohaq sudlangan ikki kishiga 1,45 mln dollardan tovon puli to‘lanadi

Sodir etmagan qotillik uchun sudlangan va qamoqda 16 yil o‘tirgan ikki amerikalik Ogayo shtati hukumatidan 1,45 mln dollardan tovon puli olishadi. Sud xatosi qurbonlari va hukumat o‘rtasidagi tegishli kelishuv Ogayo shtati poytaxti Kolumbus shahri sudi tomondan tasdiqlandi.

Gap 53 yoshli Robert Gondor va Rendi Resh haqida ketmoqda. Ular 1990 yilda 31 yoshli ayolning qotilligi aybi bilan sudlanganlar. Jinoyatni sodir etishda aybini tan olgan uchinchi odam Gondor va Reshni sheriklari deb aytgandan keyin, ular hibsga olinib, jazolanganlar. 

Ko‘p yillar davomida jabrdiydalarning advokatlari adolatsiz hukm bo‘yicha bahslashib kelishgan. Natijada sud qayta tergov o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Uning natijalariga ko‘ra Gondor va Resh 2007 yilda turmadan ozod qilinganlar.

Erkaklar ozodlikka chiqqach, shtatga qarshi da'vo berishgan va tovon puli talab qilishgan. 2015 yilda shtat hukumati ulardan har biriga 420 ming dollardan to‘lab berishga rozi bo‘lgan, biroq jabrlanuvchilar kattaroq miqdordagi tovon puliga loyiq ekanliklarini aytishgan. Natijada ular shtatdan 1,45 mln dollardan tovon puli to‘lanishiga erishganlar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid