O‘zbekiston | 23:14 / 28.03.2017
9966
5 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar lavozimlariga nomzodlar tanlov asosida tanlanadi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini ko‘rib chiqdilar. Senatorlar ta'kidlaganlaridek, Sudyalar oliy kengashining tuzilishi yuqori malakali sud korpusini shakllantirishga, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga qaratilgan. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifalari va vakolatlarini, huquqlari hamda majburiyatlarini, uni shakllantirish va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilab beradi.

Kengash faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, kollegiallik, xolislik, a'zolarining teng huquqliligi va ochiqlik hisoblanadi. 


Kengash o‘z faoliyatini faqat qonunga bo‘ysungan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi, Kengash faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bu qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Kengash a'zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta'sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi.

Qonunga muvofiq Kengash rais, rais o‘rinbosari, uning a'zolari va kotibidan iborat  yigirma bir nafar tarkibda sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan shakllantiriladi. Kengash raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Senat tomonidan tayinlanadi. Kengash raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va bir vaqtning o‘zida Kengash huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazini boshqaradi.

Bunda Kengashning o‘n bir nafar a'zosi Kengash raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudyalar orasidan tasdiqlanadi. Kengashning bir nafar a'zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari orasidan tasdiqlanadi. Senatorlarning fikricha, bunday tartib sudyalar korpusi faoliyatini shakllantirishda, tashkil etishda sudyalar, sudyalar hamjamiyati rolini oshiradi. Kengash Kotibi va uning yetti nafar a'zosi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Kengashning 13 nafar a'zosi, shu jumladan Kengash raisi, kotibi va o‘n bir nafar a'zosi Kengashda doimiy asosda ishlaydi. Kengashning qolgan sakkiz nafar a'zosi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Qonunda Kengash a'zolarining maqomi belgilab berilmoqda, ularning vakolat muddati 5 yil etib belgilanmoqda.

Konstitutsiya qoidalari asosida va uni yanada rivojlantirib, Qonunda Kengash vakolatlari belgilanomoqda. Yuqorida ko‘rsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda Kengash sudya kadrlar zaxirasini shakllantiradi, sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlaydi, turli darajalardagi sudlar sudyalarini tayinlash, qayta tayinlash, vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etadi.

Kengash sudyalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga iltimosnoma kiritish, sudyalarni intizomiy, jinoiy yoki ma'muriy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega. Kengashning muhim vazifalaridan biri – sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta'minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga kiritishdan iborat.

Shuningdek Qonunda Kengash a'zolari mustaqilligi, ularni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari belgilangan. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid