Jamiyat | 21:06 / 28.03.2017
5027
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zDJTUda Rus tili va adabiyoti markazi ochildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Rus tili va adabiyoti markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Majid Karimov, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar va ta'lim sohasida ham izchil rivojlanayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining muzokaralarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘layotganini ta'kidladi.

Oliy ta'lim yo‘nalishidagi hamkorlik samarasida O‘zbekistonda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz universiteti filiallari faoliyat yuritmoqda.

Suratlar muallifi: Hikmatilla Po‘latov

“Rossotrudnichestvo” tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Rus tili va adabiyoti markazi ikki davlat o‘rtasida ta'lim sohasida izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarning yana bir yorqin dalili bo‘ldi. Ushbu markaz vakolatxona tomonidan taqdim etilgan turli o‘quv va badiiy adabiyotlar, darslik, o‘quv materiallari, audio va video qo‘llanmalar, zamonaviy o‘quv texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu yerda professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda rus tili va adabiyoti ixlosmandlari turli seminar-treninglar o‘tkazish, o‘quv kurslari tashkil etish, klassik va zamonaviy rus adabiyoti namunalari, sohaga oid so‘nggi yangiliklar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Suratlar muallifi: Hikmatilla Po‘latov

– Toshkentdagi nufuzli oliy o‘quv muassasasida Rus tili va adabiyoti markazining ochilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishida muhim qadam bo‘ldi, – dedi M.Shvidkoy. – O‘zbekistonda Pushkin, Tolstoy, Lermontov qanchalik ardoqlansa, Rossiyada Navoiy, Bobur, Mashrab asarlari shunchalik sevib o‘qiladi. Mazkur markazning ishga tushishi mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan pedagog va talabalar almashinuvini yanada faollashtirishga, sohada o‘zaro fikr va tajriba almashishni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Suratlar muallifi: Hikmatilla Po‘latov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid