Jamiyat | 21:14 / 29.03.2017
63767
3 daqiqa o‘qiladi

Tomorqaga bahorgi kartoshka, karam va pomidor ekishning oddiy usuli

Bahor faslining birinchi oyi ham yakuniga yetib bormoqda. Ko‘klam ayni mevali va manzarali daraxtlar o‘tqaziladigan, sabzovotlar ekiladigan davr.

Oltinko‘llik bog‘bon Berdiyor Nishonovning bog‘iga borib, bahorgi ekinlarni ekish qanday amalga oshirilishi haqida amaliy ko‘rsatib berishlarini so‘radik.

Usta  dehqon avval xalqimizda - “ikkinchi non” deyiladigan kartoshkani ekish haqida tushuncha berdi.

Demak, kartoshkaning “ertakisi” yer yetilishiga qarab, fevralning ikkinchi yarmidan boshlab ekilsa, mart oyining ikkinchi yarmidan aprelning birinchi o‘n kunligida “o‘rtakisi” yerga qadaladi. 

“Bir sotixgina yerim bor qancha hosil olardim”, deb o‘ylamang. Sababi bir sotix joyga ekilgan kartoshkani yaxshilab parvarishlansa, holland navlaridan 250 kilogramm, mahalliy navdan esa 200 kilogramm hosil olinadi.

Kartoshka ekish uchun tomorqadagi yer chopilib, pushta olinadi. Aytib o‘tamiz, kartoshkani tekis yerga ham qadash mumkin. Pushtani esa ikki xil tayyorlasa bo‘ladi. Agar pushtaning kengligini 80 yoki 30 sm olsangiz bir tomoniga urug‘ qadaysiz. Ekish uslubi juda oddiy. Urug‘likka olingan kartoshkani nish urgan tomonini tepaga qaratib, avvaldan tayyorlangan “uya”ga qo‘yib, atrofiga tuproq tortasiz. Uyalarning oralig‘i 25 sm bo‘lishi lozim.  Kartoshka ikki yarim oyda yetiladi.

Hozir karamni ham ochiq yerga ekishning ayni payti keldi. Berdiyor aka bergan ma'lumotlarga ko‘ra, karam 70 ga ekilganda 25-30 sm oraliqqa, 90 ekilganida qisqa oraliqqa ekilar ekan. Nav tanlaganda mahalliy va Daniya navlarini ekishga e'tibor qaratish muhim. Karam 65-75 kunda yetiladi.

Shuningdek, pomidor ko‘chatlarini tomorqa va ochiq maydonlarga ekish pallasidamiz. Pomidor 90lik pushtani ikki betiga 30 sm oraliqda ekiladi. 

Quyida, yuqorida so‘z bilan aytilgan jarayonlar aks etgan fotolavhalarga e'tibor qarating: 

Maqolani tayyorlashda yaqindan yordam bergan Oltinko‘l tumani hokimligiga minnatdorchiligimizni bildiramiz.           

Elmurod Ermatov, Andijondan Kun.uz sayti uchun maxsus tayyorladi

Mavzuga oid