O‘zbekiston milliy terma jamoasi atrofidagi vaziyat qalam ahlida rezonans keltirib chiqardi. Tribuna.uz saytida taniqli sport jurnalisti Xayrulla Hamidov va To‘ra Murod muallifligidagi navbatdagi «Biz ham futbol ko‘ramiz» sarlavhali maqolada O‘zbekiston futbolidagi muammolar uchun yechimlar taklif etilgan.
Futbol qiziq o‘yin. Hammani birlashtiradigan bir jihati ham bor. Shuki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘ynaganda erkak ham, ayol ham, keksa ham, yosh ham, vatanda yurgan ham, olisda yurgan ham, eng qizig‘i, futbolga qiziqqan ham, qiziqmagan ham tomosha qiladi. Stadionga ham boradi. Chunki bu paytda Babayan yoki Ahmedov uchun ko‘rilmaydi – O‘zbekiston o‘ynayapti! Ana shu vatanparvarlik tuyg‘usi birlashtiradi hammani!
Esingizdami, birinchi prezidentimiz vafotidan keyin termamiz yutgani? Golni nishonlab, qiyqirish o‘rniga bilaklariga qora lenta taqib maydonga tushgan futbolchilarimiz jimgina qo‘llarini ko‘kka qilib, bu g‘alabani Karimovning ruhiga bag‘ishlashgani? Butun O‘zbekiston xalqi yig‘lagandi o‘shanda. Futbolchilarni duo qilgandi...
Suriya termasiga yutqizishganlarida yana O‘zbekiston xalqi bir tan, bir jon bo‘lib... so‘kishga tushdi. Saytlarda norozi bo‘lib fikr bildirmagan erkak qolmadi, ayol qolmadi. “Babayan aut” degan aksiyalar o‘tkazildi. Biz jim turdik. Qatar bilan bo‘ladigan o‘yinni kutdik.
Endi yozsak bo‘lar.
O‘zbekiston – Qatar 1:0
“Bunyodkor”dagi o‘yindan keyin nima deyishni ham bilmaysan, maqtay desang, maqtagulik o‘yin yo‘q, so‘kay desang, “bollarda ayb yo‘q” – yutishdi. Eng yaxshisi – tahlil!
Tahlil aslida borni bor, yo‘qni yo‘q deyish va kelajakka ochiq ko‘z bilan qarash. Bundan qo‘rqmaslik kerak, zotan saratonning issiq kunida baribir uning jazirasiga duch kelamiz. Tayyorgarlikni bugundan ko‘rmasak, keyin kech bo‘lishini ko‘raverib, ko‘zlarimiz pishib ketdi.
Taqqoslash. Bugun terma jamoa murabbiylarini ko‘p solishtirishadi. “Babayan o‘rnida Qosimov bo‘lganida undoq qilardi”, “Abramov bo‘lganda bundoq bo‘lardi”, “Chetdan mutaxassis kelsa, umuman boshqacha bo‘lardi”, degan gaplar ko‘p aytiladi. Lekin bu taxminlarning bitta noto‘g‘ri va hech ham taqqoslash o‘rniga tushmaydigan joyi bor: raqiblar! Ha, aynan mana shu faktor har qanaqa holatda taqqoslash san'atini parchalab tashlaydi.
Abramov paytidagi Eron boshqa edi, bugungi Eron boshqa. Qosimov davridagi Koreya boshqacha edi, endigi koreyslar boshqa. Qatar va Xitoydagi holatlar ham bizga salbiy ta'sir o‘tkazmayotgan bo‘lsa-da, asosiy raqiblarimizga xalaqit bermoqda. Mana shularning hammasi birlashib, O‘zbekiston terma jamoasiga bugungi kunda umid eshiklarini qiya ochib turgan 3-o‘rinni hadya qilib turibdi.















