Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘tgan 3 oy: O‘zbekistondagi 5 300ga yaqin mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi
2017 yil 29 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.
Hisobotda qayd etilganidek, respublika ichki ishlar organlarining o‘tgan yildagi faoliyati mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, huquqbuzarliklarning oldini olishga, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, jamoat tartibi saqlanishini ta'minlashga, fuqarolar huquqlarini himoya qilishga, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga, faoliyatning shu sohalarida aniq natijalarga erishishga qaratildi.
Ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishga zamon talablariga javob beradigan yangi yondashuvlarni tatbiq etish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga jamoatchilikning keng qatlamlarini jalb qilish, profilaktika inspektorlarining bevosita aholi orasida ish olib borishini tashkil etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida joriy yilning o‘tgan qisqa davri mobaynida respublikaning 5 253 ta mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Jinoyatning asosiy ko‘rsatkichlari, shu jumladan, avval sudlanganlar, jinoyatchi guruhlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan o‘ta og‘ir jinoyatlar, huquqbuzarliklar soni ancha kamayishiga erishildi. Shaxsga qarshi jinoyatlarni ochish va tergov qilishda, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga, odam savdosiga, terrorizmga, diniy ekstremizmga va uyushgan jinoyatchilikka, shuningdek iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishda muayyan ijobiy natijalarga erishildi.
Shu bilan birga, hisobotda ta'kidlanganidek, joriy yilning 9 fevralida IIV organlari xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalardan ichki ishlar organlari, vazirlik rahbariyati tegishli xulosalar chiqarib oldi. Ichki ishlar organlari faoliyatidagi mavjud muammolar va kamchiliklarni hal qilish, huquqbuzarliklarning oldini olishga doir ishlarni tubdan yaxshilash, mamlakatda huquqiy tartibotni ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar tashkil etildi.
Xususan, profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning reyting tizimiga asoslangan mezonlari ishlab chiqildi, ichki ishlar organlari barcha bo‘g‘inlari rahbarlari tomonidan aholi oldida muntazam hisob berish amaliyoti joriy etildi. Ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan isloh qilish, ichki ishlar organlari xizmatini bevosita aholi punktlarida tashkil etish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlandi. Joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika inspektorlarini ular faoliyatiga xos bo‘lmagan yumushlardan ozod qilish, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha muntazam ishlarni tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jinoyat sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar va sudlar bilan hamkorlikda jinoyatlarni fosh qilish borasidagi ishlarni yaxshilash maqsadida idoralararo ishchi guruhlar tuzildi. Jinoyatlarni sodir etish sabablari, shart-sharoitlari va omillarini o‘rganish bo‘yicha ishlar tashkil etildi. Sodir etilgan har bir jinoyat holatlarini muhokama qilish uchun yig‘ilishlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirok etmoqda.
Hisobotda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kunlari o‘ziga xos samara berayotganligi qayd etildi. Keng jamoatchilik, hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida har payshanba kuni tashkil etiladigan jinoyatlarning oldini olishga doir kompleks tadbirlar, xususan, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ta'lim muassasalari o‘quvchi va talabalarining mashg‘ulotlarda qatnashish davomatini muhokama qilish, bu borada tartib o‘rnatish yuzasidan ta'lim muassasalari ma'muriyati va ota-onalar javobgarligini oshirish bo‘yicha tashkiliy-tushuntirish tadbirlari o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Hisobotni muhokama qilish chog‘ida senatorlar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, xodimlar, ayniqsa profilaktika inspektorlari uchun munosib xizmat va maishiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar berildi. Senatorlar ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy saviyasini oshirish ishlarini jiddiy ravishda yaxshilash, shu maqsadda mintaqaviy seminarlarini o‘tkazish zarurligini qayd etdilar. Odamlar dardu-tashvishlariga befarq munosabatda bo‘lgan, qonunni suiste'mol qilgan va buzgan xodimlarga nisbatan o‘z vaqtida qat'iy choralar ko‘rish muhimligi ta'kidlandi. Senatorlar qayd etganlaridek, jinoyatga qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ichki ishlar organlari faoliyatining tubdan yaxshilanishi Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishning muhim sharti hisoblanadi.
Mavzuga oid
19:45 / 13.06.2026
Senat aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
15:29 / 13.06.2026
Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
17:55 / 09.06.2026
«Svetofor - yo‘lchiroq, parol - o‘ron» - deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
08:33 / 05.06.2026