Jahon | 20:49 / 30.03.2017
14401
2 daqiqa o‘qiladi

Xodorkovskiy harakati Rossiya prezidentiga qarshi aksiya o‘tkazmoqchi

Mixail Xodorkovskiy boshchiligidagi "Otkrytaya Rossiya" jamoatchilik tashkiloti Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi "Nadoyel" (Jonga tegding) umumrossiya aksiyasi o‘tkazishini e'lon qildi. Aktsiya 29 aprelda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aktsiya tashkilotchilarining aytishicha, hozirda aksiyani o‘tkazish uchun ariza berilmagan va u o‘tkaziladigan shaharlarning aniq ro‘yxati tuzilmagan. 

"Faqirona maosh va pensiyalarga yashash, yegulik va kiyimda tejash, korrupsiyaga toqat qilish va televizor orqali yolg‘onni eshitish, sifatsiz yo‘llarda yurish, buzilib tushay deyayotgan poliklinikalarga borish, sud va politsiyaning o‘zboshimchaligiga chidash, hamma narsadan qo‘rqish jonimizga tegdi", deb aytilgan feysbukda.

"Otkrytaya Rossiya"dagi manba tashkilot tadbirning shaklini hozircha oshkor qila olmasligini aytgan. Shu bilan birga u aksiya Aleksey Navalniyning namoyishlariga o‘xshash bo‘lmasligini aytdi. 

26 mart kuni Rossiyaning bir qator shaharlarida muxolifatchi Aleksey Navalniy tarafdorlari tomonidan tashkillashtirilgan, korrupsiyaga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar ishtirokchilari hukumatdan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasining "U sizga Dimon emas" deb nomlangan filmiga munosabat bildirishini talab qilishgan. Filmda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan bog‘liq jamg‘armalar egalik qiladigan ko‘chmas mulklar haqida so‘z borgan.

Bugungi kunda Xodorkovskiy harakatining 12 ta bo‘limi mavjud bo‘lib, ular Moskva va Moskva viloyatida, Sankt-Peterburg, Tatariston, Boshqirdiston, Chuvashiston, Tver, Irkutsk, Nijyegorodsk, Vladimir, Chelyabinsk va Rostov viloyatlarida joylashgan. Ta'kidlanishicha, 2017 yil mart-aprel oylarida harakat yana 6-8 ta rasmiy vakolatxonaga kengayadi.

Mavzuga oid