Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qilni qirq yoradiganlar: Samarqandda firibgar ayol ushlandi
Zahro dugonasi Irinaga ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olmoqchi ekanligini aytdi. Irina ko‘p o‘tmay Zahroga telefon qilib, sotiladigan arzon uy chiqib qolganini aytib chaqirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Zahro darhol Irinaning uyiga yetib keldi. Bu yerda yana ikki ayol bor ekan. Irina yoshrog‘ini Shoira, yoshi oltmishlarga borib qolganini Rahimaxon deb tanishtirdi.
- Gagarin ko‘chasida sotiladigan arzon uy bor, - deya viqor bilan ohista so‘z boshladi Rahima. – Arzonligining sababi shuki, xonadon shahar hokimligi balansida turibdi. Hokimlikda bizning tanishimiz bor. Agar siz bilan kelisholsak, o‘sha tanishimiz sizning nomingizga kerakli hujjatlarni to‘plab, uyga egalik huquqi to‘g‘risida shahar hokimining qarorini chiqarib beradi. Albatta, quruqqa emas. Asosiy pul o‘shanga beriladi. O‘sha odam bizni chaqirib, “Shunday arzon uy begonaga ketmasin. Ishonchli, og‘zi mahkam xaridor topinglar” degan. Mana xizmat telefon raqami, xohlasangiz tekshirib ko‘ring, shahar hokimligining telefoni. Ikki-uchta xaridor boru, Irina sizni tavsiya qilib turib oldi. O‘ylab ko‘ring!
- Uyni ko‘rsam bo‘ladimi? – dedi Zahro ikkilanib.
- Albatta. Qani ketdik. Quruq gapdan ko‘ra, uyni ko‘rib gaplashganimiz yaxshi, - dedi Rahima.
Ular aytilgan xonadonga kelishdi. Uy Zahroga ma'qul bo‘ldi. Shu yerning o‘zida savdolashib, 30 ming AQSh dollariga kelishildi. Keyin yana Irinaning uyiga qaytib kelishdi.
- Sizga ishonib boshqa xaridorlar bilan gaplashmaymiz. Savdomiz quruq gap bo‘lmasligi va hujjatlarni yig‘ishni boshlash uchun ozroq pul bering. Baribir beriladigan bo‘lgandan keyin tez-tez qutulganingiz yaxshi-ku, to‘g‘rimi? – dedi Rahima so‘zamollik qilib.
Zahroga uning gapi jo‘yali tuyuldi. Pulni tezroq bersa, uyni tezroq oladigandek, 6 ming AQSh dollarini sanab berdi. Rahima ham pul olganligi to‘g‘risida chiroyli qilib tilxat yozdi. Tilxatga Shoira va Irina ham imzo chekishdi. Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas Zahroga qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
- Uy hujjatlarini rasmiylashtirishga yana pul kerak bo‘layapti. Imzo qo‘yishi kerak bo‘lgan boshliqlarning har bir umidvor bo‘layapti. Pul bo‘lsa, shartta-shartta og‘ziga urib, hujjatlarni tez tayyorlaymiz. Ikki-uch oyda uy sizniki bo‘ladi...
Ko‘rishishdi. Zahro yana 3 ming AQSh dollari sanab berdi. Shoira va Rahima pulni olib, jamjimador tilxat yozib berishdi.
Oradan bir oylar o‘tib, toqati toq bo‘lib yurgan Zahroga uzoq kutilgan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
- Hamma hujjatlar tayyor bo‘ldi. Bir ko‘rishaylik, - dedi Rahima.
Zahro Irinaning uyiga yetib bordi. Yaxshi kayfiyatda o‘tirgan Rahima u bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Tabrikladi.
- Bir qadam qoldi, oxirgi qadam. Hujjatlar tayyorlanib, barcha tegishli idoralarda tasdiqlandi, - dedi Rahima ishonch bilan. – Faqat sizning nomingizga hokimning egalik huquqi to‘g‘risidagi qarori chiqsa bo‘ldi. Qaror loyihasi ham tayyorlab qo‘yilgan, imzoga kiritilishi qoldi. Siz qolgan pulni bersangiz, men kechqurun hokimiyatdagi “katta”mizga beraman. Qarabsizki, bugun kechasi yoki ertaga qaror imzoga kiritiladi.
Rahima hokimiyat ish jarayoni, tartib-qoidalar haqida shunchalik mohirona gapirardiki, Zahro zarracha shubhaga bormadi. Qaytaga quvonib ketdi. Dunyoda shunday yaxshi, uddaburon odamlar borligidan ko‘ngli ko‘tarildi. Darhol uyiga borib pul olib keldi va 21 ming AQSh dollarini mamnuniyat bilan sanab Irinaga berdi. Irina ham bir marta sanab Rahimaga uzatdi. Yana tilxat yozildi, imzo qo‘yildi. Keyin yana bir-birlarini tabriklashdi, rahmatlar aytildi.
Zahro bir-ikki kun yangi uy xayoli bilan yashadi, qanday ta'mirlash, qanaqa jihozlar olishni rejalashtirdi. Biroq, ikki kun, uch kun, ...besh kun, ...o‘n kun, ...bir oy o‘tdi hamki, qarordan darak bo‘lmadi.
Zahro Rahimaga qo‘ng‘iroq qilishdan charchamadi. Har safar Rahima shunday chiroyli, ishonchli gapirardiki, yana Zahroning ko‘nglida umid uchqunlari alangalanardi, shundan yaxshi odamdan shubhalanganiga uyalib ketardi. Biroq, vaqt o‘tgani sayin umid uchqunlari so‘nib, kulga aylandi. Hammasini tushunib yetgan Zahro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga firibgarlar ustidan ariza bilan murojaat qildi.
Sud Rahima Kubayevani olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilib, mazkur firibgarlik ishi bo‘yicha ashyoviy dalil bo‘lgan 30 ming AQSh dollari jabrlanuvchi, ya'ni Zahro tomonidan bila turib, pora sifatida berilganligi uchun amaldagi qonunchilikka ko‘ra davlat foydasiga undiriladigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
09:00 / 22.06.2026
Samarqandda 2 kilogrammdan ortiq «gashish» sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
23:04 / 13.06.2026
Samarqandda Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun test markazi ochiladi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
17:46 / 10.06.2026