Jahon | 09:50 / 01.04.2017
13796
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning kuyovi Oq uyda ishlash uchun 266 ta lavozimidan voz kechdi

Foto: AP

AQSh prezidentining katta maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner davlat xizmatida ishlash uchun avval turli kompaniyalarda egallagan 266 ta turli lavozimidan ketishga majbur bo‘ldi. Bu haqda 31 mart kuni Oq uydagi maxsus brifingda AQSh ma'muriyati vakili ma'lum qildi. 

Vakil hozirda Tramp atrofida bo‘lgan va yaqinlargacha turli xususiy kompaniyalarda ishlagan barcha odamlar avvalgi lavozimlarini tark etishganini tasdiqladi. Ular shuningdek o‘zlari ishlagan kompaniyalarning qimmatbaho qog‘ozlaridan xalos bo‘lishmoqda. Vakil misol sifatida, 35 yoshli Kushner Oq uyga kelishidan avval turli kompaniyalarda egallagan 266 ta lavozimini tashlashiga to‘g‘ri kelganini aytgan. Vakilning aytishicha, Tramp maslahatchisi va Milliy iqtisodiy kengash direktori va yaqindagina Goldman Sachs banki prezidenti bo‘lgan Geri Kon 120 kun ichida bank qimmatbaho qog‘ozlaridagi shaxsiy mablag‘larini olib chiqib ketadi.

Brifing boshlovchisi AQSh ma'muriyatida qancha milliarder borligi haqidagi savolga javob berishdan qochgan. "Bunga turlicha yo‘llar bilan qarash mumkin", deb aytgan boshlovchi.

Oq uy muhim xodimlarining daromadlari haqida ma'lumotlarni chop etishni boshladi. AQSh hukumati ma'muriyatda yuqori lavozimlarni egallayotgan, avval yiliga 161755 dollar va undan ko‘proq pul topgan xodimlar haqida ma'lumotni oshkor qilishga va'da bergan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов

Mavzuga oid