Sport | 22:01 / 02.04.2017
12867
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘llari yo‘q basketbolchi savatga uch ochkoli to‘pni tushirib hammani lol qoldirdi

13 yoshli nogiron o‘smirning basketbol uchrashuvining oxirgi daqiqalarida raqib jamoa savatiga uch ochkoli to‘pni tushirishi videosi internetda jadal ravishda ommalashmoqda.

Fox News telekanalining ma'lum qilishicha, video qahramoni Florida shtatidagi Boka-Raton shahrida yashovchi, 8-sinf o‘quvchisi Jamarion Stayls hisoblanadi. U bolaligida kam uchraydigan yuqumli kasallik sababli ikkala qo‘lidan ham ayrilgan. Biroq irodali o‘smir bundan tushkun ahvolga tushib qolmadi. Bugungi kunda Jamarion maktab basketbol jamoasida o‘ynaydi va mahalliy darajadagi musobaqalarda ishtirok etadi.

"Fikrimcha, u hech qaysi bir jihatdan qolganlardan qolishmaydi. U barchasini uddalay oladi va unga yon bosilmaydi. Albatta, uning irodasi ilhomlantiradi", deb aytgan maktab basketbol jamoasi o‘yinchilaridan biri. 

Jamarionning o‘zi esa diqqat-eʼtiborda bo‘lishni yoqtirishini aytdi. U shuningdek hayotdagi shiori bilan bo‘lishdi: "Shunchaki hamma narsani ijobiy qabul qil va sen istagan narsangga erishasan".

Mavzuga oid