O‘zbekiston | 15:20 / 02.04.2017
31825
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva shahrida patent olganlarning deyarli yarmi - O‘zbekiston fuqarolari

Foto: Sputnik

Moskvada ishlash uchun xorij fuqarolariga patent beruvchi yagona tashkilot - Saxarovodagi ko‘p funksiyali migratsiya markazi (KMM) O‘zbekistonning qancha fuqarosi u yerda ishlashga ruxsat olganiga doir raqamlarni e'lon qildi. 

Markaz bosh direktori Nikolay Fedoseyevning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda patent olganlar umumiy sonining taxminan 45 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etgan. 

Bu ma'lumot O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiyaning Moskvaga tashrifi chog‘ida ma'lum qilingan. Tashrifdan maqsad Markaz faoliyati bilan tanishuv, bir qator masalalar muhokamasi bo‘lgan, o‘zbekistonliklarni markaz xizmatlaridan boxabar qilish ham shular jumlasidandir. 

Nikolay Fedoseyev mehmonlarni migratsiya markazining barcha zonalari bilan tanishtirib chiqib, patent olish, shuningdek hukumat va huquq-tartibot organlari hamda KMM hududida xorijiy fuqarolarga o‘z xizmatlarini taklif qiluvchi tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlari haqida so‘zlab berdi. 

Aziz Abduhakimov markazni ko‘zdan kechirish davomida patent olayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan muloqot qildi va ularning markaz tomonidan taklif qilinayotgan xizmatlarga doir fikrlarini o‘rgandi. 

"Bizning fuqarolarimiz Rossiya Federatsiyasi hududida mahalliy qonunchilikka rioya qilishi, soliq to‘lab va Rossiya iqtisodiyotiga hissa qo‘shib, to‘liq himoyalanishi kerakligidan manfaatdormiz, - dedi Abduhakimov. - Biz ham o‘z tomonimizdan bu yerda ularning huquqi va huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlarni amalga oshirmoqdamiz".

Nikolay Fedoseyev O‘zbekiston Mehnat vazirligi delegatsiyasiga respublika hududida migrantlarni xabardor qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi va bu sohadagi hamkorlikning katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. 

O‘zbekiston vakillari migrantlarni xabardor qilishda o‘z yordamlarini taklif qilishdi: ular O‘zbekiston aeroportlari, vokzallari va chegara punktlarida KMMda patent rasmiylashtirishga oid qo‘llanmalar va risolalar tarqatishni yo‘lga qo‘yishadi. Shuningdek tomonlar bundan keyin ham mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid