Jamiyat | 10:15
842
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada ishlashni istovchilar uchun yangi dasturlar ishga tushirildi

O‘zbekiston va Germaniya mehnat migratsiyasi hamda kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida ikki yirik qo‘shma loyihani ishga tushirdi. Yangi dasturlar o‘zbekistonliklarga Germaniyada ishlash va xalqaro tan olingan til sertifikatlarini olish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Loyihalarga Toshkent shahridagi «Ko‘ksaroy» qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer ishtirokida start berildi.

Ushbu tashabbuslardan biri Germaniyaning yirik transport kompaniyasi Deutsche Bahn bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Germaniya temiryo‘l sohasi uchun 500 nafar mutaxassis maqsadli tayyorlanadi. Ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar Germaniyada yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchi loyiha esa O‘zbekistonda TELC xalqaro imtihon markazlari tarmog‘ini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu orqali fuqarolar Goethe sertifikatlari bilan bir qatorda TELC xalqaro til sertifikatlarini ham mamlakat hududida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kutilishicha, har yili 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik TELC imtihonlarini O‘zbekistonning o‘zida topshirishi mumkin bo‘ladi. Bu esa xorijda ta’lim olish va mehnat faoliyatini boshlash uchun til bilimini tasdiqlash jarayonini ancha yengillashtiradi.

Har ikki loyihaning qiymati 1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar malakali kadrlar tayyorlash, mehnat mobilligini oshirish va yoshlar uchun xalqaro mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid