Jahon | 00:09 / 04.04.2017
11548
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Lukashenko neftgaz sohasidagi bahs bo‘yicha kelishib oldilar

Moskva va Minsk o‘rtasida hal qilinmagan muammolar qolmadi, neftgaz sohasidagi bahs hal qilindi, deb ma'lum qildi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan o‘tgan muzokaralar natijalariga ko‘ra Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

"Biz neftgaz sohasidagi barcha bahsli masalalarni hal qilishga kelishib oldik. Buni qanday va qaysi muddatda amalga oshirishni kelishib oldik", deb aytdi Putin.

Putin neftgaz sohasidagi muammolar 10 kun ichida hal bo‘lishini qo‘shimcha qildi. Ikki davlat yetakchilari neftgaz sohasida nafaqat 2017 yilda, balki 2018 va 2019 yillarda ham qanday ishlashlarini kelishib olganlar.

Putin ikki davlat o‘rtasida boshqa bahsli masalalar qolmaganini aytdi.
"Biz olg‘a boramiz, Ittifoq davlati doirasida ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlaymiz va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash ustida ishlaymiz", deb aytgan Putin.

O‘tgan yili Rossiya va Belarus o‘rtasida neft yetkazib berish bo‘yicha bahs yuzaga kelgan. Moskva 2016-2024 yillar davomida Belarusga har yili 24 mln tonna neft yetkazib berishni rejalashtirgan, biroq 2016 yil 3-choragiga belgilangan miqdor 2,25 mln tonnaga kamaytirilgan. Rossiya energetika vazirligida bu holat Minsk tomondan gazga to‘lov to‘liq amalga oshirilmagani va neft mahsulotlari to‘liq yetkazib berilmaganligi bilan tushuntirilgan.

Lukashenko Minsk neft narxi tushgani sababli gaz narxini tushirishga haqqi borligini ta'kidlagan. Moskva bunga javoban Belarusga neftni boj to‘lovisiz yetkazib bergani uchun 2011-2015 yillarda 22,3 mlrd dollar yo‘qotganini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid