00:45 / 04.04.2017
16137

Sayohatni xush ko‘ruvchilar uchun ertakmonand mehmonxonalar

So‘nggi vaqtlarda mijozlar uchun kurash shunchalik avj olmoqdaki, siz qirol yoki malika kabi sayohat qilishingiz uchun podshoh oilasining a'zosi bo‘lishingiz shart emas. Hamyonda pulingiz yetarli bo‘lsa kifoya, siz o‘zingizni ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilishingiz mumkin bo‘ladi. Dunyoning turli burchaklarida barpo etilgan g‘aroyib va hashamatli mehmonxonalar sizga ajoyib hissiyotlarni taqdim etish uchun xizmatingizga shay. 

Quyida hayotingizdagi romantik sayohatlarni o‘tkazish imkonini beruvchi mehmonxonalar 15taligini taqdim etamiz. 

Ashford Castle – Irlandiyaning 13-asrga doir mazkur saroyi 75 mln dollarlik qayta ta'mirlashdan so‘ng, yanada jozibador ko‘rinish kasb etdi. U yerda bir kecha tunash uchun atigi 488 dollarning bahridan o‘tsangiz, bas. Xodimlar sizning barcha injiqliklaringizni muhayyo qilishga shay. 

Hôtel de la Cité –janubiy Fransiyaning UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududi va o‘rta asrlarda barpo etilgan Carcassonne shahri oralig‘ida joylashgan yagona mehmonxona hisoblanadi. 1909 yilda barpo etilgan binodagi 59ta xona ikki binoga taqsimlangan. Bu yerda bir kecha tunash kamida 225 dollar turadi, xolos. 

Castello di Monterone – tan olish kerak, Italiyada qasrsifat barpo qilingan mehmonxonalar juda ko‘p. Ammo, 11-asrga oid Castello di Monterone eng chiroyli va dabdabalilaridan biridir. Perudjia vodiysiga qarab turuvchi mehmonxonada 20dan ortiq atirgullardan iborat bog‘ barpo qilingan. Bundan tashqari, turk hammomi xizmatga shay. Mehmonxonada bir kecha mehmon bo‘lish 108 dollardan boshlanadi. 

Leeds Castle – 1119 yili Angliyada barpo etilgan bu qasr nafaqat o‘rta asrlarga xosligi, balki ko‘plab qirollar, xususan qirol Henri VIII va uning rafiqasi aragoniyalik Yekaterina istiqomat qilgani bilan ham dong‘i ketgan. Bugungi kunda, 500 akrlik hududdagi saroy asosiy sayyohlik majmualaridan biri bo‘lib, u yerda tunash imkoniyati ham mavjud. Bevosita qasr xonasida qolishni istaganlar 180 dollar, hovlidagi chaylaga 123 dollar to‘lash kifoya qiladi. 

Neemrana Fort-Palace – Hindistonning Rajastxonida 1464 yilda barpo etilgan Neemrana Fort-Palace saroyi tashqi ko‘rinishi jihatidan ham borib ko‘rishga arziydi. Bir kecha tunash 221 dollardan boshlanadi. 

Castello di Pavone – Italiyaning yana bir jozibador, cho‘qqiga qurilgan qasri hisoblanadi. 9-asrga xos devorlar Castello di Pavone qasrini yanada dabdabali ko‘rsatadi. Bir kechaga 135 dollardan haq belgilangan.

Parador de Oropesa – Ispaniyaning Sierra de Gredos ostonalarida barpo etilgan qasr bo‘lib, u qadimgi saroylarda barpo etilgan mehmonxonalar juda qimmat, degan fikrni chippakka chiqaradi. 14-asrga oid qasrda bir kecha tunash 75 dollarga aylanadi.

Avstriyaning Schloss Leopoldskron qasrida "The Sound of Music"( Musiqa ohangi) suratga olingan. 18 asrga tegishli rokoko uslubidagi qasr xonalari 138 dollardan boshlanadi. 

Culzean Castle – Shotlandiyaning g‘arbiy sohillarida ushbu saroy-mehmonxonada jozibadorrog‘ini topish mushkul. 1792 yilda qurilgan qasrda bir kechalik tunash uchun hech bo‘lmaganda 465 dollarning bahridan o‘tish kerak bo‘ladi. 

Chateau Herálec – Chexiya Respublikasining 13 asrda barpo etilgan tarixiy-me'morchilik yodgorligi hisoblanadi. Xonalarining narxi 205 dollardan boshlanadi. 

Romantik Parkhotel Wasserburg Anholt – Germaniyaning 12 asrda qurilgan qasri asal oyi va nikoh to‘ylarini o‘tkazish uchun juda ham qulaydir. Shu bilan birga, unda tunash u qadar qimmat emas. Xona narxlari 191 dollardan boshlanadi. 

The Castle Hotel, A Luxury Collection Hotel – ta'kidlash joizki, bu qasrlar uzoq tarixga ega emas. Ular 2014 yilda Xitoyda barpo qilingan. Ammo, u yerda dam olish sizga shohona hayot hissini tuhfa etishiga kafolat beramiz. Xonasi uchun bir kechaga kamida 135 dollar to‘lash yetarli. 

Hever Castle – Angliya qiroli Henri VIII ning ikkinchi rafiqasi Anna Boleyn istiqomat qilgan va 13-asrga tegishli qasr Angliyadagi eng boy tarixga ega obidalaridan biridir. Bu yerda bir kecha tunash 130 dollardan boshlanadi.

Parador de Cardona – bu qasr ham Ispaniyaning o‘rta asrlarga doir hashamdor saroylaridan biridir. U eramizning 800-yillarida barpo etilgan bo‘lib, sizning o‘sha davrga hissiy sayohat qilishingizga yordam beradi. Barselona shahridan bir soatlik avtomobil yo‘li uzoqlikdagi qasrda bir kecha kamida 118 dollar turadi. 

The Castle Hotel & Spa – va nihoyat AQShda barpo etilgan va Manhetten shahridan atigi 48 km uzoqlikda joylashgan The Castle Hotel & Spa 2013 yilda ta'mirdan chiqqan. Tarrytown  shaharchasidagi bir asrlik qasr Hudson daryosi uzra ajoyib manzarani tomosha qilish imkonini beradi. Buning uchun siz bir kecha 319 dollarning bahridan o‘tsangiz kifoya. 

Top