00:17 / 06.04.2017
9259

Rossiya bilan raqobat: Saudiya Arabistoni Yevropa uchun neft narxini tushirdi

Foto: AP

Jahondagi eng yirik neft eksportchisi — Saudiya Arabistoni Rossiya yetakchilik qilayotgan Yevropa bozori uchun neft narxini tushirgan, deya xabar berdi Bloomberg agentligi.

Saudi Aramco davlat korporatsiyasi barcha ko‘rinishdagi neft mahsulotlari uchun shimoli-g‘arbiy Yevropa, O‘rta Yer dengizi davlatlari va Osiyoning ba'zi bir davlatlariga yetkaziladigan neft uchun bahoni rasman pastlatgan. Bir vaqtning o‘zida AQShlik xaridorlar uchun neft narxi oshirilgan.

Narxlarning tushirilish diapazoni bir barreliga 30-45 sentni tashkil etgan. Yangi narx-navo ro‘yxati may oyidan boshlab yetkaziladigan neft uchun amal qiladi.

2016 yilda saudiyaliklar Yevropa bozoriga 42,5 million tonna neft, suyultirilgan tabiiy gaz va boshqa neft mahsulotlari yetkazib bergan bo‘lsa-da, hajm borasida sobiq SSSR davlatlari, Norvegiya va Iroqdan ortda qolgan, degan ma'lumot tarqatgan Xalqaro energetika agentligi (XEA). "Yevropa bozorida ayni paytda neftga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda. Shu sababli Saudiya Arabistoni u yerdan rus barrellarni siqib chiqarishni maqsad qilgan", — deydi Emirates NBD konsalting kompaniyasi tahlilchisi Edvard Bell.

"Rosneft" rahbari Igor Sechin ilgariroq Saudiya Arabistoni tomonidan taklif etilayotgan narxlar bo‘yicha raqobatdan qo‘rqmasliklarini ma'lum qilgan edi. "Yevropa Rossiya bilan jiddiy infrastruktura orqali bog‘langan", — dedi u.

Rossiya va Saudiya Arabistoni OPeKka a'zo davlatlar va 11 ta mustaqil eksportchi davlat ichida 2016 yil dekabrida neft qazib olishni qisqartirish bitimining asosiy qatnashchilari hisoblanishadi. Bitim neft qazib olishni 1,8 million barrelga qisqartirib, bozordan ortiqcha neftni yo‘qotish va neft narxining xalqaro bozorlarda barqarorlashuvini ta'minlash uchun tuzilgan edi. Shu yilning mayida mamlakatlar bitimning amal qilish muddatini yana yarim yilga cho‘zish masalasini ko‘rib chiqishadi.

Top