Sport | 20:20 / 07.04.2017
5538
2 daqiqa o‘qiladi

"Formula-1" poygasining Malayziya Gran-prisi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi

"Formula-1" poygasi rahbariyati va Malayziyadagi "Sepang" avtodromi 2018 yildan boshlab Malayziya Gran-prisi o‘tkazilmasligiga qaror qildi. Malayziyada joriy yilda o‘tadigan poyga ushbu davlatdagi oxirgisi bo‘ladi. Bu haqda poyga seriyasining rasmiy saytida ma'lum qilindi.

"Formula-1 oilasi a'zolaridan biri bilan ayrilish doimo qayg‘uli. "Formula-1"ning malayziyalik fanatlari deyarli 20 yil ular eng ehtirosli muxlislardan birlari ekanliklarini isbotlab kelishgan", deb aytdi chempionatning boshqaruvchi direktori Shon Bretches.

Malayziya Gran-prisi ilk bor 1999 yilda o‘tkazilgan. O‘shanda uzunligi 5,543 kilometrni (15 ta burilish) tashkil etuvchi "Sepang" trassasidagi poygani Ferrari poygachisi Eddi Irvayn yutgandi.

Malayziya Gran-prisida eng ko‘p g‘alabani Sebastyan Fettel qo‘lga kiritgan: u bu bosqichni 3 marta Red Bull bolidida va bir marta Ferrari bolidida yutgan. Shuningdek, ushbu trassada Mixael Shumaxer va Fernando Alonso 3 martadan g‘olib bo‘lishgan.

"Sepang" avtodromida "Formula-1"dan tashqari, MotorGP mototsikl chempionatining bosqichi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid