O‘zbekiston | 20:51 / 08.04.2017
19987
3 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushining 14 nafar ishtirokchisiga uylar beriladi, 173 nafarining turarjoyi ta'mirlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida viloyatlar, tuman hokimliklari va boshqa tegishli idoralar rahbarlari ishtirokida umumiy videoselektor majlis o‘tkazilgani haqida avval xabar qilingan edi. Majlisda Prezidentning 2017 yil 4 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2865 son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta'minlash masalalari muhokama etildi.

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, Bosh vazir shu munosabat bilan o‘tkaziladigan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish kerakligiga alohida urg‘u berar ekan, bu ishlarning barchasi Prezident tashabbusi bilan rejalashtirilayotganini alohida ta'kidlagan. Xususan, ta'lim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kechalar bo‘lib o‘tadi. Filmlar namoyish etiladi. Joylarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining qahramonliklari, ularning Vatan oldidagi burchlarini sidqidildan ado etganliklarini targ‘ib qilish maqsadida tadbirlar tashkil etiladi.

Videoselektor majlisida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga “Sen yetim emassan”, “1941 yil olmalari”ga o‘xshagan Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston aholisi ko‘rsatgan fidoyiliklarni aks ettiruvchi filmlar ro‘yxatini taqdim etish vazifasi yuklangan. Ulardan televideniye orqali namoyish etiladigan kartinalar tanlanadi. 

Bundan tashqari, Mustaqillik yillarida xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylar, ichki ishlar va xavfsizlik xizmati xodimlari uylariga ham borilib, ularning yaqinlarining holidan xabar olinadi, marhumlar qabrlari obodonlashtiriladi.  

Kun.uz manbasiga ko‘ra, respublikadagi 10 mingga yaqin qabristonlar Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan obodonlashtiriladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan 14 nafariga xonadonlar, 173 nafarining uyi ta'mirlab beriladi. 2000dan ziyod kishiga nogironlar aravachasi bepul taqdim etiladi. Mahalla komissiyalari tomonidan yordamga muhtoj nogironlarga zarurat bo‘lsa ortopedik vositalar (protezlar) taqdim etiladi.

 

Mavzuga oid