O‘zbekiston | 20:19 / 08.04.2017
20409
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xayriya nikoh va sunnat to‘ylari o‘tkaziladi

Avvalroq 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida umumiy videoselektor majlis bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.

Xususan, majlisda ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar a'zolarining xayriya nikoh va sunnat to‘ylarini o‘tkazish masalalari muhokama etildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalar farzandlari, bundan tashqari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining nikoh va sunnat to‘ylarini tashkil etish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuziladi. To‘ylarni tashkil etish bo‘yicha Moliya vazirligi va kasaba uyushmalari tomonidan byudjyetdan mablag‘ ajratiladi. Har bir nikohdan o‘tgan ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oila vakillarining har birlariga mebellar taqdim etiladi va sunnat to‘yi bo‘ladigan bolalarga Xalq bankiga bir million so‘mdan jamg‘arma qo‘yiladi. 

Bosh vazirning majlisda qayd etishicha, 20 juftgacha kelin-kuyovning nikoh to‘yini bir joyda o‘tkazish maqsadga muvofiq. Ba'zi olis tumanlarda esa istisno tariqasida bir yoki ikki juft kelin-kuyovning nikoh to‘ylarini alohida o‘tkazishga kelishilmoqda.

Viloyat hokimliklari bilan to‘ylarning o‘tkazilish joylari, o‘tkazish muddatlari kelishib olingani aytildi.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, barcha viloyatlar hokimliklari uch kun muddatda xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishlari lozim bo‘ladi. To‘ylarni o‘tkazish uchun eng yaxshi, borish uchun qulay bo‘lgan va markazlarda joylashgan to‘yxonalarda tashkil etish kerak. To‘yxonalarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib berilishini shaxsan nazoratga olasizlar”, - degan Aripov.

“Yana bir masala – to‘y kungacha kelin-kuyovlarimiz FHDYo organlaridan o‘tish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish lozim”, - deya ta'kidlab o‘tdi bosh vazir.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, to‘ylarda ishtirok etish uchun kelin-kuyov va to‘ybolalarning yaqin qarindoshlari, mahalla faollaridan iborat jami 450-500 kishilik ro‘yxat tuziladi.

Mavzuga oid

E`lonlar