Jahon | 16:06 / 08.04.2017
5830
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Livan janubidagi qochoqlar lagerida falastinliklar otishma sodir etishdi

Falastinning FATH tashkiloti a'zolari va radikal kayfiyatdagilar o‘rtasida otishma ro‘y berdi. Voqea Livanning Bayrut shahridan 40 km uzoqlikdagi Ayn al-Xilva qochoqlar lagerida sodir bo‘lgan. Al Mayadeen telekanaliga ko‘ra, otishmada 2 kishi halok bo‘lgan, yana 14 kishi yaralangan. 

Xabarlarga ko‘ra, Falastinning qo‘shma xavfsizlik kuchlari At Tayr mavzesida nazorat o‘rnatishga urinishi otishmaga sabab bo‘lgan. Al Mayadeen telekanalining xabar qilishicha, bu yerda Livan hukumati tomonidan qidirilayotgan Bilol Badr yashiringan bo‘lgan. U yashirin qo‘poruvchilik guruhlariga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. 

Mahalliy maxsus xizmatlar Ayn al Xilvada yashirinayotgan 128 nafar ekstremistlarning topshirilishiga erishish niyatida. Maxsus xizmatlarga ko‘ra, lagerda IShID guruhining bo‘linmasi faoliyat ko‘rsatadi. 

Livandagi falastinliklar boshpana topgan eng yirik lagerda 100 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. Umuman, mamlakatdagi 12ta qochoqlar lagerida 450 mingga yaqin kishi kun kechiradi. 

Mavzuga oid