Jahon | 19:08 / 09.04.2017
19068
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Suriya tufayli Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llash haqida o‘ylamoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyani qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiya va Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli ma'lum qilgan.

«Biz (AQSh prezidenti ma'muriyati — tahr.) bu masalani muhokama qilishni boshladik», — degan Heyli xonim CNN telekanali uchun bergan intervyusi vaqtida.

Undan «prezident Rossiya va Eronga yangi sanksiyalar qo‘llashni istaydimi?», deya so‘rashgandi. 

Heyli xonim shuningdek AQShda Bashar Asad hukumati Idlibda kimyoviy qurol qo‘llagani haqida dalil bor yoki yo‘qligi xususidagi savolga javob qaytargan. 

«Bizga dalillarni ko‘rsatishdi. Prezident dalillarni ko‘rdi. Bu maxfiy ma'lumotlar. Men ishonamanki, agar zarurat tug‘ilsa, bu maxfiy ma'lumotlar oshkor etiladi», deya javob qaytargan diplomat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, MRB direktori Mayk Pompeo xalqaro hamkorlar orqali olingan ma'lumotlarga ega.

Moskva va Vashington munosabatlarida navbatdagi taranglik 4 aprel kuni Suriyaning Idlib viloyatida kimyoviy qurol qo‘llangani haqidagi xabarlar ortidan yuzaga keldi. Suriya muxolifati ushbu hujum Suriya hukumati tomonidan amalga oshirilib, 80 kishining o‘limi va yuzlab kishilarning zaharlanishiga olib kelgani haqida aytdi.

AQSh va G‘arbning boshqa mamlakatlari ham bu hujum uchun aybni Bashar Asad hukumatiga yukladi.

7 aprel kuni AQSh Qurolli kuchlari Suriyaning Shayrat aerodromiga «Tomagavk» rusumli qanotli raketalarini yo‘lladi. 

Moskva tomoni ushbu hujumni «tajovuz akti» deya baholadi va AQSh bilan Suriyada ko‘zda tutilmagan holatlarning oldini olish haqidagi memorandum amalda bo‘lishini to‘xtatdi.

Bundan oldinroq ingliz nashrlarida AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Moskvaga tashrifi vaqtida Rossiyadan Suriyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab etishi haqida yozilgandi.

«Tramp Suriyadagi aerodromga zarba bilan cheklanmaydi»

Mavzuga oid