Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buxoroning Qorako‘l tumanidagi muammolar qachon hal etiladi?
Buxoro safaridan qaytar ekanmiz, yurtdoshlarimiz tomonidan yuborilgan bir qancha murojaatga ahamiyat qaratdik. Boisi, ularda aytilgan muammolar oddiy inson uchun kerak bo‘ladigan birlamchi ehtiyojlar haqida edi.
Ularga e'tibor qarating:
“Assalomu alaykum. Qorako‘l tumani, Quvvacha qishlog‘iga toza ichimlik suv qachon olib kelinadi? Ikkinchi savol: qishlog‘imizdagi kanal ta'mirtalab bo‘lib qolgan. U yer qachon ta'mir qilinishi to‘g‘risida ma'lumot bersangiz?”
“Men Qorako‘l tumani, “Zarafshon” mahallasi, Zarafshon ko‘chasida istiqomat qilaman. Ko‘chamizda gaz ta'minoti yaxshi emas - uylar isimaydi. Har xo‘jalikda keksalar, chaqaloqlar bor. Shu bois qishdan chiqish qiyin bo‘lmoqda. Zarafshon ko‘chasida gaz ta'minoti qachon yaxshilanadi?”
“Assalomu alaykum. Qorako‘l tumanidan Jig‘achi qishlog‘iga boradigan yo‘l qachon tuzatiladi? Bu yo‘ldan yomg‘ir yog‘sa, yurib bo‘lmaydigan holatga keldi”.

Bunday murojaatlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Ijodiy guruh Qorako‘l tumanining Quvvacha qishlog‘iga otlandi. Qishloqqa kirib borar ekanmiz, yo‘lning ahvoli haqiqatdan ham achinarli darajada ekanligiga guvoh bo‘ldik. Qishloq markazida bizni murojaat yo‘llagan yurtdoshlarimiz kutib oldi. Ochig‘i, bizni kelishimizga ishonqirmagan quvvachaliklar muammolar yuzasidan suhbatlashdi.
“Shu kanalda 10 yildan beri achchiq, sho‘r suv keladi. Daraxtlar qurib ketgan. Hosil tushib ketgan. Odam tugul, mol icholmaydi bu suvni. Unday keyingi eng katta muammo bu yo‘l. Mana ko‘rdingiz.... agar yomg‘ir, qor yog‘sa, yurib bo‘lmaydi. Botib qoladi. Undan keyin mana shu yerdan 3 kmdan uzoqlikda bozor bor. Qoraxoji bozori. Hokim qayta quramiz, deb 7 yil oldin buzgan. Pattasiga pul yig‘adi. Lekin chek bermaydi. Quruq bir xaroba yerda bozor”, deydi qishloq ahli.

Guvohi bo‘lganingizdek, bu yerda yig‘ilib qolgan muammolar Quvvacha qishlog‘i aholisini yillar davomida qiynab kelmoqda. Biz ushbu holat bo‘yicha shu kunning o‘zida Qorako‘l tumani hokimligiga bordik. Garchi tuman hokimi selektr yig‘ilishini o‘tkazayotgan bo‘lsada, bizni qabul qildi va mazkur murojaatlar bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishini va'da berdi.
Toshkentga kelganimizda esa Qorako‘l tumani hokimligi mazkur murojaatlar yuzasidan alohida komissiya tuzilganligini va chora - tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, qishloq aholisi muammolari bartaraf etilayotganligi xaqida axborot berdi.
Umid qilamizki, keyingi safar Quvvacha qishlog‘i manzarasi boshqacha bo‘ladi.
Mavzuga oid
23:18 / 11.01.2026
Qorako‘lda 20 nafar abituriyent ovqatdan zaharlangani haqidagi xabar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
23:16 / 06.11.2023
Buxoro viloyatida kun davomida ikkinchi marta zilzila qayd etildi
18:35 / 06.07.2023
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida IT-klaster tashkil etiladi
11:02 / 21.07.2022