O‘zbekiston | 18:18 / 12.04.2017
15221
3 daqiqa o‘qiladi

Advokatura tizimida qanday o‘zgarishlar yuz bermoqda?

Advokatura — huquqiy institut bo‘lib, huquqiy davlat va jamiyat ravnaqining asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir.

Shu asosda Harakatlar strategiyasida jinoyat, fuqarolik, ma'muriy va xo‘jalik ishlarining ko‘rilishida advokatning rolini kuchaytirish maqsadida:

advokat tomonidan dalillarni to‘plash va ularni jinoyat ishi materiallariga qo‘shish mexanizmi;

sudgacha va sudda ish yuritishda advokat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan masalalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlardan ma'lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni, ekspertlarning yozma xulosalarini, mutaxassislarning ma'lumot-maslahatlarini so‘rash va olish tartibini aniqlashtirish;

fuqarolik va xo‘jalik nizolarini sudgacha hal qilish jarayonida, shuningdek jinoyat protsessida tomonlarni yarashtirish tartib-taomilida advokat ishtirokini kengaytirish;

sud ishini yuritishda ishtirok etish uchun advokat orderini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibini qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

Ma'lumki, har bir tizimni shakillantirish, uni faoliyat ko‘rsatilishini ta'minlash hamda takomillashtirib borish, bunga imkoniyat yaratib beruvchi qonunchilik bazaning mavjudligi hamda iqtisodiy (moliyaviy) jihatdan barqarorlik buning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda advokatlik faoliyati notijorat faoliyat turlaridan biri bo‘lib, uning maqsadi daromad ko‘rish emas, balki jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatishdan iboratdir. 

O‘zbekistonda bugungi kunda advokatlarning soliq agentlari tomonidan advokatlik tuzilmalari tariqasida advokat mukofot puli (gonorari)ning qiymatidan turlar va stavkalar bo‘yicha soliqlar va majburiy to‘lovlar to‘lanib kelinayotgan bo‘lib, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib, advokatning mukofot puli (gonorar) uchun umumiy soliq yuklama advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatga to‘lanadigan mukofot puli (gonorar)ning miqdoridan 41,1 %dan 56 % gacha tashkil qiladi. 

Shundan kelib chiqqan holda Strategiyada advokatlar va advokatlik tuzilmalari daromadlarini soliqqa tortish tizimini maqbullashtirish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, advokatura institutini yanada mustahkamlash maqsadida hamda mavjud kamchiliklar tahlil qilingan holda advokatlarga hakamlik sudlarida hakam sifatida ishtirok etish huquqini berish, advokat so‘rovini ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini aniqlashtirish, advokatga litsenziya berish va uni intizomiy javobgarlikka tortish masalasida davlat organlarining rolini kamaytirish, advokatlik litsenziyasi faoliyatini to‘xtatish, tugatishning sud tartibini bosqichma-bosqich joriy etish, advokatlik tuzilmalarining yangi tashkiliy-huquqiy shakllarini joriy etish, shu jumladan, xorijiy advokatlik tuzilmalariga hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratish, tadbirkorlik sub'yektlariga huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi korporativ yuridik maslahatlar va yuridik konsaltinglarni rivojlantirish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid