Sport | 19:17 / 12.04.2017
10773
5 daqiqa o‘qiladi

Final oldidan final. Yevrokuboklarning eng azaliy to‘qnashuvi haqida

Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final uchrashuvlari davom ettiriladi. Kunning markaziy uchrashuvi Myunxenda bo‘lib o‘tadi. Tribuna.Uz final oldidan final deb baholanayotgan uchrashuviga batafsil to‘xtaladi.

Bavariya – Real (12 aprel, Toshkent vaqti bilan 23:45, UzReport, Match TV)

Uchrashuvdan oldin

Bavariya

Karlo Anchelotti shogirdlari Germaniya bundesligasida buyog‘iga xotirjam  bo‘lishi mumkin. Jamoa eng yaqin ta'qibchisi «Leyptsig»ni 10 ochkoga ortda qoldirmoqda. O‘tgan turda nemischa klassikoda jamoa «Borussiya»ga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va bu o‘yinga yuqori kayfiyatda yetib keldi. Jamoadagi bir qator jarohatlarni hisobga olmasa, «Bavariya» mavsumning eng muhim qismida dahshatli formaga kirganini ko‘rsatmoqda.

Real Madrid

«Real» esa oldinda kutilayotgan qo‘rqinchli taqvimning ibtidosini nisbatan ijobiy boshladi. Jamoa o‘z uyida «Atletiko»ni mag‘lubiyatga uchrata olmagan bo‘lsada, «Barselona» bilan oradagi farqni qisqartirdi. Endi madridliklar «El-klasiko»ni hisobga olmagan taqdirda ham qolgan uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan taqdirda uzoq yillik tanaffusdan so‘ng Ispaniya chempioni degan nomni qo‘lga kiritishi mumkin

O‘yinga oid faktlar

– ikki jamoa YeChLda shu kungacha 11 marotaba duch kelgan. Qizig‘i ularning 10tasi YeChLning pley-off bosqichiga to‘g‘ri kelgan;
– bu ikki jamoaning YeChLdagi o‘zaro 23 o‘yini bo‘ladi. Hali hech bir juftlik o‘zaro bunchalik ko‘p uchrashuv o‘tkazmagan;
– uch yil muqaddam Karlo Anchelotti «Real» bosh murabbiyi sifatida YeChLda g‘alaba qozongan. Unga murabbiy sifatida Zidan yordam bergan;
– «Real» Germaniyada o‘tkazgan 30 uchrashuvning faqat 4tasida g‘alaba qozongan;
– «Bavariya»ning «Real»ga qarshi o‘z uyidagi eng yirik mag‘lubiyati (0:4) 2014 yil aprelda qayd qilingan.

O‘zaro o‘yinlar tarixi

Yuqorida aytib o‘tilganidek bu ikki jamoaning pley-off bosqichidagi 11-marta to‘qnash kelishi, 23-o‘zaro o‘yini bo‘ladi. Shu paytgacha bo‘lib o‘tgan 22 uchrashuvning 11tasida «Bavariya» g‘alaba qozongan, 9 uchrashuvda «Real»ning qo‘li baland kelgan, ikki uchrashuvda durang qayd etilgan. «Real» Myunxenda faqat bir martagina g‘alaba qozongan. U ham 2014 yilning aprelidagi mashhur (0:4) g‘alaba bo‘lgan.

«Bavariya» to‘rt marta keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa, «Real» olti marta pley-ofnni davom ettirgan.

Yo‘qotishlar

«Bavariya» tarkibida jarohati sabab Mats Hummels maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, «Borussiya»ga qarshi uchrashuvda yelkasidan jarohat olgan Robert Levandovskining maydonga tushishi esa so‘roq ostida qolmoqda. Bundan tashqar Tomas Myullerni ham mayda og‘riqlar bezovta qilmoqda. Katta ehtimol bilan u bugun o‘yinni zaxirada boshlashi mumkin.

«Real» tarkibida ikki markaziy himoyachilar Rafael Varan va Pepening maydonga tusha olmasligi aniq. Qolgan futbolchilarni jarohat bezovta qilayotgani yo‘q.

Taxminiy tarkiblar

«Bavariya» Hummels o‘rnini Xavi Martines bilan to‘ldirishi kutilmoqda. Oldinga chiziqda esa Robben va Riberiga qanotlar ishonib topshirilishi ko‘zda tutilgan. Vidal va Xabi Alonso tayanch zonasi orqali hujum ortidagi Tiyagoga yordam berishadi. Hujumda Robert Levandovskining maydonga tushishidan umid qilinmoqda. «Real»da esa himoya markazini Serxio Ramos-Nacho juftligi egallashi ko‘zda tutilgan. Hujum esa VVS uchligiga ishonib topshirilishi kutilmoqda.

«Bavariya»: Noyyer; Lam, Xavi Martines, Boateng, Alaba; Vidal, Xabi Alonso, Tiyago Alkantara, Riberi, Robben; Levandovski.
«Real»: Navas, Karvaxal, Serxio Ramos, Nacho, Marselo; Kazemiro, Modrich, Kroos; Beyl, Ronaldu, Benzema.

Mavzuga oid