20:42 / 13.04.2017
35942

Lotin yozuviga o‘tish jarayoni qayerda qanday kechdi?

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev qozoq yozuvining lotin alifbosiga o‘tishi to‘g‘risida e'lon qilganidan so‘ng bu mavzu qozog‘istonliklar orasida katta muhokama va bahslarga sabab bo‘lmoqda. Ta'kidlash joizki, mazkur islohotning tarafdorlari ham, bunga qarshi bo‘layotganlar ham talaygina. Nur.kz qo‘shni mamlakatlarning lotin yozuviga o‘tishi qanday kechganiga oid maqolasini taqdim etdi.

FOTO: VIKIPeDIYa

O‘zbekiston

"Birinchi navbatda lotin yozuviga o‘tishning o‘zbek tajribasi yodga tushadi. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zbeklar o‘tmishda turli yozuvlardan foydalanishgan. Sotsialistik inqilobga qadar O‘zbekiston hududida arab yozuvi qo‘llangan, biroq 1920-yillardayoq tilshunoslar va boshqa mutaxassislar lotin yozuviga o‘tishni targ‘ib qila boshlashgan. 1926 yilda Bakuda bo‘lib o‘tgan I turkiylar s'yezdida turkiy xalqlar lotin alifbosi - yanalifni qabul qilishgan.

FOTO: VIKIPeDIYa

Biroq 1939 yilda sovet hukumatining mustahkamlanish chorasi sifatida kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini ishlab chiqish komissiyasi tuzilgan. SSSR tarqalganidan keyin, 1993 yilda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov  "Lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosini kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan.

Dastlab yangi alifboga o‘tish 2000 yilga borib yakunlanishi rejalashtirilgan edi, biroz vaqt o‘tgach uning muddati 2005 yilgacha uzaytirildi, keyin esa - 2010 yilga. Biroq 2015 yilga kelib ham O‘zbekistonda lotin yozuviga o‘tish jarayoni to‘liq tugallanmadi: ta'lim sohasi va qisman ish yuritish lotin yozuviga o‘tkazilgan, lekin gazeta va jurnallar kirill yozuvida chiqishda davom etmoqda, 70 foizga yaqin adabiyot kirill yozuvida chop etiladi. Reklama, televideniye hamda internet tarmoqlarida ham kirill, ham lotin yozuvidan foydalaniladi. Shunday ekan, O‘zbekistonda kirilldan lotin yozuviga o‘tish jarayoni hali o‘z nihoyasiga yetmagan", - deyiladi nashrda.

FOTO: UZREPORT.UZ

Turkmaniston

Turkmanistonda ham yozuv uchun arab alifbosi qo‘llangan. Afg‘oniston, Iroq va Eron turkmanlari avvalgidek arab yozuviga asoslangan xatdan foydalanishadi.

Inqilobdan keyin mutaxassislar lotin yozuvini targ‘ib qila boshlashgan, biroq 30-yillar oxirida butun SSSRda yozuvlarni kirillashtirish jarayoniga start berilgandi. 1939 yilning yanvarida Ashxobod o‘qituvchilari turkman yozuvini kirillchaga o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishgan. Shu tariqa Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutiga yangi alifbo tuzish loyihasini tuzish vazifasi topshirilgan. 1940 yilning aprelida alifbo loyihasi chop etilgan.

SSSR parchalangandan so‘ng, 1990-yillar boshida Turkmanistonda lotin yozuviga o‘tish masalasi ko‘tarilgan. Lotin yozuvi asosidagi yangi alifbo kiritilgan, biroq 90-yillarda alifbo ikki marta o‘zgardi, bu esa ta'lim sifatiga ta'sir ko‘rsatdi.

Turkmanistonda kirill yozuvidan lotinga o‘tish ancha qat'iy va keskin kechgani uchun bunday burilish ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Masalan, birinchi sinf o‘quvchilari yangi lotin yozuvini o‘rganishgan, ammo keyingi yildayoq kirillchani o‘rganishga majbur bo‘lishgan, zero 2-sinf o‘quvchilarining yangi yozuvdagi darsliklari tayyor bo‘lmagan. Islohot yo‘lga qo‘yilganidan keyin 5-6 yil davomida shunday vaziyat kuzatilgan.

Ozarboyjon

Ozarboyjon tilida uch rasmiy alifbo tizimi mavjud: Ozarboyjonda - lotin, Eronda - arab, Rossiyada - kirill yozuvi. 1922 yilga qadar ozarboyjonlar qo‘shimcha belgilarga ega bo‘lgan arab xatidan foydalanishgan.

FOTO: INSTITUTE FOR WAR AND PEACE REPORTING

XIX asr o‘rtalarida ozarboyjonlar arab yozuvidan lotinga o‘tish masalasini ko‘tarishgan. Biroq bu faqat 1922 yilda ro‘y bergan, 1925 yilda esa lotin alifbosi arab alifbosiga parallel ravishda rasmiy kuchga kirgan.

Biroq 1939 yilning may oyida kirill yozuviga o‘tish muhokamasi boshlandi va shu yilning oxiridayoq o‘tish jarayoniga start berildi.

Mustaqillik qo‘lga kiritilgach, 1992 yildan boshlab lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tila boshlandi va 2001 yilda bu jarayon nihoyasiga yetdi.

Boltiq bo‘yi respublikalariga kelsak, ular 1904 yildan boshlab lotin alifbosini qo‘llay boshlashdi va kirill yozuvi targ‘iboti muvaffaqiyatli yakun topmadi. Hatto sovet davrida ham Boltiq bo‘yi respublikalarida lotin yozuvidan foydalanilgan.

 FOTO: INSTITUTE FOR WAR AND PEACE REPORTING

Turkiya

Lotin yozuviga o‘tishda Turkiya eng yorqin misol bo‘la oladi. Turklar 1928 yildayoq lotin alifbosiga rasman o‘tishgan. Yangi yozuvga to‘liq o‘tish uchun 30 yil kerak bo‘lgan. Axir turklar ham 1928 yilga qadar, barcha turkiy xalqlar kabi, arab alifbosidan foydalanishgan. Islohotlar Otaturk rahbarligi ostida o‘tgan.

FOTO: INSTITUTE FOR WAR AND PEACE REPORTING

Konservativ va diniy raqiblar arab yozuvidan chekinishga qarshilik qilishgan. Ular lotin yozuvining qabul qilinishi Turkiyaning katta islom olamidan uzilishga va an'anaviy qadriyatlarning o‘zgarishiga olib keladi, deb hisoblashgan.

Shunda alternativ variant sifatida arab alifbosi taklif etilgan, faqat turk tiliga xos ba'zi tovushlarni ifodalash uchun qo‘shimcha harflar kiritilgan.

Biroq Turkiya lotin yozuviga o‘tishni muvaffaqiyatli yakunladi va bugun u bu masalada turkiy xalqlar uchun ijobiy namuna bo‘la oladi.

Mavzu
Lotin va kirill imlosi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top