Jahon | 00:17 / 13.04.2017
15546
4 daqiqa o‘qiladi

Moskvada Lavrov va Tillerson o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi

Foto: RIA

Moskvada RF TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Reks Tillerson o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi. uchrashuv besh soatga yaqin davom etdi. RIA "Novosti" shu mavzudagi maqolasini taqdim etdi.

Muhokamaga qo‘yilgan asosiy mavzular orasida Suriya, Ukraina, KXDR va ikki tomonlama aloqalar masalalarini qayd etish mumkin. Uchrashuvdan so‘ng Tillerson jurnalistlar bilan muloqotdan bosh tortdi.

AQSh davlat kotibi kuni kecha Moskvaga tashrif buyurdi. Tillerson Rossiyaga tashrifi oldidan Suriya bo‘yicha qat'iy bayonot bilan chiqib, Moskvani AQSh bilan hamkorlik va Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasida "tanlash"ga chaqirgan edi.

Moskva hamkorlik uchun ochiq

Diplomatlarning muzokaralari odatdagidek boshlanmadi. Tashqi siyosiy idoralar rahbarlari TIVning Qabul xonasiga kirishlari bilanoq amerikalik jurnalistlar baland ovozda Rossiya vaziriga savollar yog‘dira boshlashdi, holbuki bunday savollar uchun matbuot anjumanlari o‘tkaziladi.

"Sizlarni kim tarbiyalagan?", - deya savolga savol bilan javob qaytardi Lavrov. OAV vakillari eshitishi uchun savol yana bir marta takrorlandi, shundan keyingina zaldagilar tinchishdi.

Uchrashuv oldidan Lavrov Moskvada Qo‘shma Shtatlarning ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro muammolarga oid bayonotlari bo‘yicha savollar ko‘pligini ta'kidladi. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya AQSh bilan konstruktiv va teng huquqli asosda hamkorlik qilishga tayyor.

Moskva yopiq alyanslar doirasi bilan cheklanib qolishni samarasiz deb hisoblaydi, dedi vazir. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, "bu pozitsiya bizning amerikalik hamkasblarimizga bir necha marotaba yetkazilgan va Vashingtongga yaxshi ma'lum, shu jumladan sizga ham".

Shuningdek u Tillersonning tashrifini "o‘z vaqtida amalga oshirilgan tashrif" deb atadi, zero "bu barcha masalalar, eng avvalo, keng aksilterror frontni shakllantirish bo‘yicha istiqbollarga ochiq va haqqoniy aniqlik kiritish imkonini beradi".

Muloqotning yo‘lga qo‘yilishi

AQSh davlat kotibi, o‘z navbatida, uning Lavrov bilan uchrashuvi Moskva va Vashingtonga ochiq dialogni yo‘lga qo‘yishga yordam berishi hamda Rossiya va AQShning muayyan jabhalar bo‘yicha farqlanuvchi pozitsiyalarini izohlashga imkon berishiga umid bildirdi.

Tillerson ham uchrashuv haqiqatda ikki tomon uchun juda muhim vaqtda bo‘lib o‘tayotganini ta'kidladi.

U uchrashuvda "bir qator juda keng va muhim masalalar"ni muhokama qilish ko‘zda tutilayotganini qo‘shimcha qildi.

Putin Tillerson va Lavrovni qabul qildi

Tillersonning RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi so‘nggi soatlargacha noma'lumligicha qolayotgan edi. Biroq davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuvning ehtimoldan holi emasligini aytgandi.

Tashqi siyosiy idoralar rahbarlarining uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng Vladimir Putin Kremlda Sergey  Lavrov va Reks Tillersonni qabul qildi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid