Jahon | 14:49 / 13.04.2017
10562
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining Suriya bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini blokladi

Rossiya BMT Xavfsizlik kengashidagi taqiq qo‘yish huquqidan foydalanib, Suriya bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini blokladi.  

Rezolyutsiya bo‘yicha yig‘ilish 12 aprelda o‘tdi. Loyihani muhokamaga Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSh qo‘ydi. Loyihada BMT bosh kotibiga Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanishi bilan bog‘liq voqealarni tergov qilishda yordam berish taklif qilingan.  

Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Fransua Delattr rezolyutsiya loyihasini "lo‘nda va muvozanatlashgan" deb atagan. Rezolyutsiyaning yangi varianti bu davlatlar tomondan o‘tgan hafta bildirilgan, biroq ovozga qo‘yilmagan variant bilan deyarli mos tushgan. Unda Suriya hukumatiga bir qator talablar qo‘yilgan, jumladan BMT va Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti mutaxassislariga harbiy bazalarga kirishga ruxsat berish talab qilingan.

Rossiya avvalroq rezolyutsiya loyihasining o‘z variantini taqdim qilgandi. Rossiya tashqi ishlar vazirligida bu hujjat "dalillar o‘rnatilgunga qadar aybdor qilish emas, balki tergovning real o‘tkazilishiga qaratilganligi" aytilgan.  

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, yangi rezolyutsiya loyihasi nafaqat kimyoviy qurol qo‘llanishi bilan bog‘liq voqeani tergov qilish, balki Damashq nomiga bildirilayotgan ayblovlarni qonuniylashtirishga qaratilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid